Iqtisodiyot | 00:21 / 01.03.2016
5659
2 daqiqa o‘qiladi

OPeK davlatlari neft qazib olish hajmini kamaytirdi

Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPeK) fevral oyi natijalariga ko‘ra neft qazib olish hajmini kuniga 280 ming barrelga qisqartirgan. Bu haqda treyding kompaniyalaridagi manbalar hamda bojxonaning tahlil qilingan ma'lumotlariga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Neft qazib olishning maksimal pasayishi Iroqda kuzatilgan, bu yerda 17 fevraldan Kurdistondan neft quvuri bo‘yicha neft yetkazib berish to‘xtadi. Quvurning quvvati kuniga 600 ming barrelga baholanadi. Agentlik fikricha, quvur mart o‘rtalarigacha ishsiz yotadi. Shuningdek, Nigeriyada Royal Dutch Shell korxonasida avariya yuz bergani va neft oqib ketgani hamda BAAda bir nechta konlar texnik xizmat ko‘rsatish uchun yopilgani sababli neft qazib olish hajmi qisqargan.

Biroq neft bozori yetakchilari Saudiya Arabistoni va Eron neft hajmini kamaytirmoqchi emas. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni neft qazib olish hajmini yanvar darajasida, ya'ni kuniga 10,2 mln barrel darajasida qoldirgan, Eron esa fevral natijalariga ko‘ra kuniga 200 ming barrel neft ko‘proq olmoqda.

Reuters axborot agentligining ta'kidlashicha, Saudiya Arabistonida neft qazib olish darajasining saqlanib qolishi qirollikning neft qazib olish hajmini yanvardagi darajada qoldirish bo‘yicha kelishuv doirasida harakat qilishiga tayyorligidan darak beradi.