Jahon | 14:50 / 01.03.2016
10658
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidenti aholiga qurg‘oqchilik ehtimoli tufayli oziq-ovqat g‘amlab qo‘yishni tavsiya qildi

Tojikiston aholisi oldindagi yoz fasli uchun oziq-ovqat va suv zaxiralarini jamg‘arishi kerak bo‘ladi. Mamlakat prezidenti Emomali Rahmon hukumat a'zolari bilan yig‘ilishda qishda qor kam yoqqani tufayli yozda qurg‘oqchilik ro‘y berishi xavfi mavjudligidan ogohlantirgan.

Qishda kam qor yog‘ishi va kunlar issiq bo‘lgani tufayli joriy yilda suv tanqisligidan tashqari qishloq xo‘jaligida hosil kam bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Bundan tashqari, tojikistonliklarga imkoniyatga qarab suv g‘amlab qo‘yish, shuningdek, o‘z yerlari, bog‘lari va uzumzorlarini mo‘l qilib sug‘orish tavsiya etildi.

Shuningdek, chorvadorlar va dehqonlar maxsus texnikalar vositasida suvni saqlashi va tejashi kerakligi qayd etilgan.

O‘tgan yil sentabrida ham Rahmon qishloq xo‘jalik mahsulotlari mo‘l hosil bergan bir paytda bundan har bir oila foydalanib qolishi kerakligini aytgan edi.