Urallik pul undiruvchilar qarzdorning farzandiga tahdid qilishdi
Yekaterinburgdagi kollektorlik (qarzdorlardan pul undiruvchi) firmasi xodimlari qarzdorlardan birining uyiga kelishganda u yerda bir o‘zi bo‘lgan 12 yoshli bolaga tahdid qilishdi. Fevralning oxirida sodir bo‘lgan bu voqea haqida mahalliy telekompaniyada efirga uzatilgan lavhaga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi ma'lum qildi.
Bola notanish kishilarga eshikni ochmagan, shundan keyin kollektorlar unga eshikni yoqib yuborish bilan tahdid qila boshlashgan hamda kalit tiqiladigan teshikni yelim bilan to‘ldirib, telefon simini uzib tashashgan.
Sverdlovsk viloyati prokuraturasi OAVda chop etilgan bu maqola bo‘yicha tekshiruvni boshladi. Keyinroq ish Rossiya tergov qo‘mitasining viloya boshqarmasiga topshiriladi. U yerda nafaqat tahdid qilish va mol-mulkka ziyon yetkazish holati, balki bir o‘zi uyda telefon aloqasiz qolgan bolaning hayoti uchun xavfli vaziyatni yuzaga keltirish holati ham tekshiriladi.