20:16 / 01.03.2016
18024

Muslimbek Yo‘ldoshev Rahmatilla Mirzayevni xotirladi

2 mart kuni Suxandon Rahmatilla Mirzayev fojiali tarzda olamdan o‘tganiga bir yil to‘ldi. Shu munosabat bilan uning do‘sti va hamkasbi,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshev uni xotirladi.

"Umr o‘tib borar misoli ertak... Kunlardan oylar sanab, oylardan yillar dastalab, mana, necha-necha yillarni ortda qoldiribman. Yil o‘tgan sari nimalaringdir ko‘payib, namalaringdir kamayib boraveradi. Topasan, yo‘qotasan. Erishasan, boy berasan. Yutasan, yutqazasan. Bu hayot qonuniyati. Bir qarashda ortib ketganday ko‘rinsada, aslida bu aldamchi ko‘rinish. Chunki hamma narsasi bisyor bo‘lib ketgan odamning shunchalik ulkan yo‘qotishlari ham bo‘ladi. Men ham televideniyeda uzoq yillar ishlab, qancha narsaga erishgan bo‘lsam, undan ko‘p narsa yo‘qotgandurman. Sanab, hisoblab ko‘rmagandirmanu, lekin tarozuning pallasi to‘g‘ri kelsa kerak. Mana shunday yo‘qotganlarimning biri hakida bugun xotirlamoqchi bo‘ldim.

Salkam qirq yil televideniye diktori bo‘lib ishlagan Rahmatilla Mirzayev kim edi? Rahmatilla Mirzayev Toshkentning "Qashqar" mahallasida tug‘ilgan. O‘rta maktabdan so‘ng o‘sha davrda "Toshkent teatr va rassomlik instituti" deb ataluvchi, bugungi kunda esa Toshkent madaniyat va san'at institutining aktyorlik bo‘limiga kirib o‘qigan. Institutning badiiy hayotida ham faol ishtirok etgan. Mening bilishimcha, u sobiq ittifoq miqyosida o‘tkaziladigan badiiy so‘z ustalari tanlovida ham ishtirok etgan. Bu tanlovda men ham ishtirok etganman va shuni aytishim mumkinki, yigirma kishilik guruhimizdan faqat ikki kishigina shu ishga qo‘l urganmiz. Rahmatilla aka va men. Demak, bu ish hammaning ham qo‘lidan kelavermas ekan. Ha, shunday. Rahmatilla Mirzayev ham tinib-tinchimas, yangiliklarga o‘ch bo‘lgan.

1976 yili u televideniyeda o‘tkazilgan diktorlar tanlovida ishtirok etib, yuzlab nomzodlar ichida g‘oliblar qatorida ishga qabul qilingan. O‘sha davrlar mening yodimda bor. Mamlakat televideniyesi yuksalishga qarab ketayotgan, oddiy, stereotip ko‘rsatuvlar umri barham topib, yangi-yangi dasturlar dunyo yuzini ko‘ra boshlagan yillar edi. Bu ko‘rsatuvlarga boshlovchilik qiladigan diktorlar — suxandonlar esa, nihoyatda kamchilik edilar. Nisbatan yoshi katta uch-to‘rt diktor safiga yoshgina Rahmatilla Mirzayev kirib kelishi bilan rejissyorlar tomonidan takliflar ko‘payib ketgani aniq. O‘zim ham u bilan oldinma-keyin televideniyega kelgan xodim sifatida bularni yaxshi eslayman. To‘g‘ri, u kelib, boshqa katta diktorlar ishdan surilib qolgani yo‘q. Har kimning o‘z rizqi, nasibasi, hayotda o‘zigagina tegishli o‘rni bo‘lganidek, ular ham ilgaridek ishlab yuraverishdi. Lekin Rahmatilla Mirzayev juda tez elga tanila boshladi. Ikkita kanali bor bo‘lgan televideniye tomoshabinlari har qancha yangi diktor bo‘lsa ham "yutib" yuboraveradigan zamonlar edi.

Avvalgi suxandonlarimiz — ustoz O‘ktam Jobirov, Davron Zunnunovlar radiodan taklif qilingan, yana qolganlari boshqa sohalarda ishlab kelgan bo‘lganlari uchun ham, institutda sahna nutqini puxta o‘zlashtirgan, boshqa qoliplarga tushib ko‘rmagan Mirzohid Rahimov, Farhod Bobojonov singari Rahmatilla Mirzayev ham chinakam teleboshlovchi sifatida shakllana boshladi. Ayniqsa, uning ikki tilda erkin ishlay olishi o‘sha davrning asosiy talablaridan ediki, u suxandonga keng imkoniyatlar eshigini ochardi.

Uning muchali "ot" yili edi. O‘zi ham otyurak edi, desam, ishonavering. Bu xislat, ayniqsa, yuzlab, minglab real va millionlab telekamera ortidagi virtual — ehtimoliy tomoshabinlar oldiga chiqib borganda namoyon bo‘ladi. U hech qachon hayajonlanmasdi, yuragi hapriqmasdi. Eh-he, qanchadan-qancha ko‘rsatuvlarda yelkama-yelka ishlaganmiz. Yonma-yon turganingizda har qanday odamdagi o‘zgarishni sezib turasiz. Lekin men uning hecham hayajonga tushganini ko‘rmaganman. Rahmatilla Mirzayevdagi bu xislat yaxshimidi-yomonmidi, to‘g‘rimidi yoki noto‘g‘rimidi, bilmadim. Bir qarashda, hayajon kerakday. U ovozingga, talaffuzing ranginligiga, aytayotgan so‘zlaring jilosiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadiganday. Lekin aslida hayajon, agar u me'yoridan ortiq bo‘lsa, ishga halal beradi. So‘zlaringni esdan chiqara boshlaysan, qo‘llaringni, o‘zingni qo‘yarga joy izlay boshlaysan. Bayram ko‘rsatuvlarida, sutkalab uzluksiz davom etadiga marafonlarda ishlagan paytlarimda, menga yoqqan jihatlaridan biri shu edi.

Rahmatilla Mirzayevning ovozi tembri favqulodda yoqimli edi. "Axborot"da ham, qator boshqa ko‘rsatuvlarda ham eshituvchilarga ma'qul bo‘ladigan, "mikrofonbop" edi. Men suxandonlar guruhida turli yillarda ishlagan biron-bir ovozi unchalik "o‘xshamagan" diktorni bilmayman. Hammasining ham ovozi ko‘ngildagiday edi. Lekin Rahmatilla Mirzayevning ovozi boshqacha edi. U ovoz bergan hujjatli kino-video filmlar juda ko‘rimli bo‘lardi. Nazarimda uning o‘zi ham, tele-radio rejissyorlar ham bu imkoniyatdan to‘la foydalanishmadi. Garchi, yuzlab filmlarda uning ovozi muhrlangan bo‘lsa-da, bu, mening nazarimda, juda kam. Axir, birgina radioning o‘zida qancha ijod namunalarini "oltin fond"ga yozdirib tashlash mumkin edi!

U juda kirishimli edi. Latifago‘y, qiziq-qiziq voqealarga o‘ch, kulguni, hazilni yaxshi ko‘rardi. Hozirjavob edi. Bu nimadan dalolat beradi? O‘qimishli, dunyoqarashli, fikrlay oladigan ekanligidan. Shunaqa, bilim qamrovi keng edi. Hammamiz ham kayfiyatimiz yaxshi bo‘lsa, tilimiz ham biyron bo‘ladi. U ham shunday edi. Xushchaqchaq paytlarida unga yetadigan hamsuhbat yo‘q edi. Hayqirib, yayrab kulardi. Bu nimaning belgisi? U ochiq odam edi. Birovlarga o‘xshab zimdan, pismiqlarcha ish qilmasdi. Agar kimdandir norozi bo‘lsa, o‘sha odam haqida jo‘yali biror gapi bo‘lsa, o‘ziga ochiq aytardi. Dangalchi edi, desa ham bo‘ladi.

Men uni tanigan paytimda yonida bo‘lgan do‘stlari bilan so‘nggi paytlargacha ham aloqalari yaxshi edi. Ular qaysi soha egasi bo‘lishidan qat'i nazar, bordi-keldilari uzilmagan edi. Tabiiyki, bu ham yaxshi fazilatlardan bo‘lib, bu odamning fe'l-atvori o‘zgarmas, subutliligidan dalolat beradi.

Yillar davomida odam o‘zi istasa-istamasa o‘zgaradi. Atrofimizdagi yaqin kishilarimizning o‘zlari ham bu yo‘lda bizga "qarashib" yuborishadi. Kimlarnidir tushuna olmay qiynalamiz. Kimlardir bizni tushunmay qiynaladi. O‘ylagan rejalaring amalga osha qolmaydi, ishlar ko‘ngildagiday yechim topmaydi. Bular yillar davomida tomchi-tomchi bo‘lib yig‘ilib borib, sabr kosalarimizga baraka olib kiradi. Tez, jizzaki, qiziqqon va o‘jar bo‘lib boramiz. Bir yarimta gapga xaridor odamga aylanamiz. Ammo ming afsuslar bo‘lsinki, odamlar unaqamas. Bir yarimta gap gapirishni bilishmaydi. Bilganlari istashmaydi. Seni bukib, g‘ijimlab, o‘zlariga o‘xshatib olishga harakat qilishadi. Bilasizmi, nega "ichib" o‘tirganlar boshqalarni ham ichishga zo‘rlayverishadi? "Ichmasangiz xafa bo‘laman", "Meni hurmat qilmaysizmi?", "Onalarimiz uchun ham ichmaysizmi?" singari yelim gaplari bilan sizga "o‘sha"ni ichirsa, siz ham uning hamtovog‘iga aylanasiz, u qilgan qiliqlarni qaytarasiz va oxir-oqibat uning illatlari ko‘rinmay qoladi. U shuni xohlaydi. Ja, sizga mehribonligidanmas. Bu achchiq haqiqat umr bo‘yi biz bilan hamroh yuradi. Qaysi davraga kirmang, eng birinchi mana shunga ro‘baro‘ kelasiz.

Demoqchimanki, televideniye ham, oila ham, boringki, bizlar ko‘p ishtirok etadigan katta-katta davralar ham shundaylarga to‘lib yotibdi. Bir kuni, mana shunday qiziqqonligi o‘ziga pand berib qoldi. Kimlarningdir aybi uchun, birovlar o‘z zimmasidagi ishini vaqtida bajarib qo‘ymagani uchun, Rahmatilla Mirzayev javob berishiga to‘g‘ri keldi. Efirdagi kichikkina — birov bilib, birov bilmay qolgan harakati uchun uch yil yaxshi ko‘rgan ishidan chetlatib qo‘yildi. Aslida birlamchi xato uchun u javobgar emas edi. Biroq efir buni tushunmadi.

Men uni qanchalik bilsam, oilaparvar, deb bilardim. Chunki topgani oilasiga, qizi va o‘g‘liga atalgan edi. Eng avval, zamonaviy, yangi kvartiraga ko‘chib o‘tishdi. Keyin uni katta ta'mirdan chiqardi. Mashinalik bo‘lishdi. Va nihoyat, dang‘illatib uy ham qurishdi. Xalqda "Men qilaman o‘ttiz —tangrim qilar to‘s-to‘s", degan maqol bor. Bizning emas, yaratganning xohishi bo‘larkan. O‘ttiz emas, ming urining, U yo‘lingizni to‘sib qo‘ysa, hech narsa qilolmaysiz. Nimadir o‘xshamagan, qaysidir mo‘ljal to‘g‘ri olinmagan ekan shekilli, keyingi hayotlarida bir qancha o‘zgarishlar yuz berdi. Biz, oddiy odamlar, kezi kelganda nafaqat hamkasblarimizning, balki tug‘ishgan jigarlarimizning ham oilasidan nimalar o‘tayotganini bilolmaymiz. Eshitganimizda esa, kech bo‘lgan bo‘ladi. Har qalay, Rahmatilla Mirzayev na menga va na diktorlar xonasidagi boshqa birovga oilasidan shikoyat qilganini eshitmaganman, guvoh bo‘lmaganman.

So‘nggi yillarda madaniyat kollejida yoshlarga mahoratdan dars berib, pedagoglik ham qilardi. Odam qanday tug‘ilsa, o‘sha — dunyoga kelishidagi fazilatlari baribir saqlanib qoladi. Bu xuddi kompyuter dasturlashiga o‘xshab ketadi. Avvalboshda bizlarga "o‘rnatilgan" fe'l-atvor, fazilat, qobiliyat o‘zgarmay qolaveradi. Rahmatilla Mirzayev ham televideniyedagi ish, ham filmlarga ovoz berish, ham turli tadbir va xizmatlardagi ishtiroki ustiga yana o‘qituvchilik qilishga imkon topa olardi. Bu kasb og‘irligidan ham cho‘chimaydi. Chunki "o‘qituvchi"likning o‘zi bo‘lmaydi. Uning ham o‘ziga xos bir qancha mashaqqatli yuki bor. Yuqorida aytganlarim uning "tinib-tinchimas"ligining belgisi. Menimcha, u pulga muhtoj emas edi. Moliyaviy siqilganmasdi. Faqat bo‘sh qolishni, bekorchilik og‘ushida mudrab yotishni o‘ziga ravo ko‘rmaganidan shunday qilardi, deb o‘ylayman va shu fikrim to‘g‘riligiga ishonaman.

Rahmatilla Mirzayev televideniyeda ishsiz qolib ketadiganlardan emas edi. Uni o‘zining ko‘rsatuvi boshlovchisi bo‘lishini istagan rejissyorlar ko‘p edi. Ammo buni Rahmatilla Mirzayev ham istashi kerak edi-da. Ba'zan qaysidir muharrir yoki rejissyor taklif qilgan ko‘rsatuvni rad etishga to‘g‘ri kelardi. Chunki ularning shunchalar sayoz, yengil-yelpi tayyorlanayotganligi yaqqol ko‘rinib turadi. O‘zini hurmat qilgan suxandon esa, har qanday taklifga "uchib" ketavermasligi kerak, deb o‘ylayman. Menimcha, mana shu jihatlari tufayli ham u "Dildagi gaplar" deb nomlanuvchi turkum mualliflik ko‘rsatuvini tayyorlay boshladi. Aslida bu ko‘rsatuvni juda original, o‘xshashi yo‘q deb bo‘lmasa ham, teleko‘rsatuvlar ichida u o‘z o‘rni va muxlislarini topa oldi. Elning sevimli san'atkorlari, ko‘zga ko‘ringan shaxslari ishtirok etadigan bu ko‘rsatuv ommabop bo‘lib qoldi. Bu ham uning shaxsi haqida nimadir desa kerak? Ha, u "tayyorga ayyor", "bersang yeyman, ursang o‘laman"lar toifasidan emasligining isboti bu. Umuman, diktorlarning mualliflik ko‘rsatuvi tayyorlashi ham yangilik emas edi. Nasiba Maqsudova, Farhod Bobojonovlar ham mana shunaqa faol edilar. Keyin men ham, Abdimo‘min O‘tbosarov ham mana shu mualliflik ko‘rsatuvlari tayyorlash jarayonida izlanganmiz. O‘z ko‘rsatuvlarimizni topib olganmiz. Yoshi ulug‘ligiga qaramasdan, keksa suxandonimiz Georgiy Irlin ham qalami charxlangan jurnalist sifatida, umrining oxirigacha mualliflik ko‘rsatuvlari tayyorlab yurdi. Ammo Rahmatilla Mirzayev ham mana shu ijod zavqidan, yaratuvchilik mazasidan yiroq emasligida hamma gap.

Bugun ushbu badiada ilgari gapirgan gaplarim takror bo‘lib qolishini xohlamasdim. Shuning uchun ham garchi o‘sha atrofda bo‘lsa ham, yangiroq faktlar keltirishga harakat qilayapman. Rahmatilla Mirzayev dardingizni shunchaki eshitib ketaveradiganlardan emasdi. Biron yordam so‘rasangiz, narsasini ham, pulini ham ayamasdi, o‘zi uchun olib qo‘ygan tanishlarini ham sizdan qizg‘onmasdi. "Falonchi odamga uchrashsang, o‘sha aytgan narsangni topib beradi", "Yarmarkadagi pistonchi opangga mening nomimdan uchrasang, qidirganingni olib beradi", deb ne muammolarimni bitirishib yuborgan. Ming la'nat, fransuz atirigayam, yapon soyabonigayam! O‘sha paytlarda bu matohlarni topish — xotin topishdan ham mushkul ish edi. Hozir bularni gazeta kioskasidan ham so‘rashing mumkin. Odamlar umr bo‘yi navbatda turib ololmagan avtomobilniku, bugun "xozmag"dayam sotishyapti. Ammo Rahmatilla Mirzayevning tanishlari menga o‘sha anqoning urug‘idan ham noyob bo‘lgan "Chyornaya Magiya", "Klima", "Joze" atirlarini o‘z narxiga olib berishardi. Har yili! "Chori" firmasining taxlama-buklama zontlarini olganda esa BAXT yo‘llanmasini yutib olganday quvonardik. Bunday qaraganda, men molparast odamlarga o‘xshab ketayotgandek ko‘rinsam-da — o‘sha paytlar boshida shunday savdolari bo‘lgan odamlar bilishadi — bu chindan ham katta muammo edi! Ayollarning ko‘nglini ko‘ngildagiday olish shularga bog‘liq edi.

Eh-ye-ye, eslayversang, xotirang qabatlaridan yangi-yangilari chiqib kelaveradi. Men bilgan, shu mavzuda suhbat qilgan necha odamlar Rahmatilla akaning yaxshi xislatlarini sanab, undan ko‘rgan yaxshiliklarini e'tirof etib berishdi. Ba'zilari mening xotiralarimga o‘xshash, birovlariniki mutlaqo boshqacha. Lekin hammasida ham Rahmatilla Mirzayevning odamiylik suratiga yorqin chizgilar bor. Endi, bir odam dunyoga kelib, ulg‘ayib, yashab, do‘stu bola-chaqa orttirib shunchalik yashar-da! Birovning bo‘yniga osilib olmasa, o‘zgalar hisobiga yashamasa, yelsa, yugursa, elga xizmat qilsa, vatan bunyod qilsa... Shu-da, bitta umr.

Bugun rosa bir yil bo‘libdiki, Rahmatilla Mirzayev oramizda yo‘q. Ammo bu degani o‘rni ham yo‘q degani emas. Do‘stlari, yaqinlari, hamkasblari va shogirdlari qalbida uning o‘chmas o‘rni bor. O‘shalar bor ekan, Rahmatilla Mirzayev ham safda bor.



Muslimbek Yo‘ldoshev — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "TURON" Fanlar Akademiyasi akademigi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 2 mart kuni Rahmatilla Mirzayev o‘z uyida jonsiz holda topildi.

U qotillik qurboni bo‘lgan, bu ishga uning o‘g‘li aloqador ekanligi aniqlangan.

7 avgust kuni mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Q. Shoazizov va U. Mirzayevga nisbatan ayblov e'lon qilindi.

Top