Yevro-2016 o‘yinlari tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi mumkin
Fransiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha 2016 yilgi Yevropa chempionati o‘yinlari terrorchilik xavfi tufayli Fransiyaning boshqa hududlariga ko‘chirilishi yoki umuman tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi mumkin, deb xabar bermoqda AP axborot agentligiga iqtibos keltirgan holda "Chempionat.com" nashri.
Bunday variantlar 2015 yilning 13 noyabrida Parijda bir qator teraktlar amalga oshirilgandan keyin ko‘rib chiqilishi boshlangan. O‘shanda jumladan Fransiya va Germaniya terma jamoalari o‘rtasida "Stad de Frans" stadionida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan vaqtda bir nechta teraktlarni amalga oshirishga harakat qilingan.
Parijdagi teraktlardan keyin, 17 noyabrda Germaniya va Gollandiya terma jamoalari o‘rtasida Gannoverda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan o‘rtoqlik uchrashuvi politsiyachilarning stadionda portlovchi qurilma borligidan gumon qilishi sababli bekor qilingandi. Terrorchilar stadionda va shaharda 5 ta bomba portlatmoqchi bo‘lganlar.
"Bizda qandaydir xavf borligi haqida ma'lumot yo‘q, biroq har qanday vaziyatga tayyor turishni istaymiz", deb aytdilar UYeFA vakillari.