O‘zbekistonda "Elektron hukumat"ga murojaatlar soni 3 baravar oshdi
2015 yilda Davlat xizmatlari yagona portali (my.gov.uz) orqali murojaatlar 3,3 baravar oshib, 317 ming murojaatni tashkil qildi. Bu haqda portal matbuot xizmati asosida Sputnik xabar bergan.
Ushbu murojaatlarning 117 minglik qismi aholidan, 200 mingi – yuridik shaxslardan. Shundan 190 mingi – tadbirkorlik sut'yektlaridir. Shu bilan bir vaqtda telefon orqali murojaatlar soni ham 2,7 baravar ko‘paygan.
“Yagona portalga har kuni o‘rtacha 1,8 ming murojaat kelib tushmoqda. Bu aholining o‘z huquqlaridan foydalanish uquvi oshayotganidan darak beradi. Undan tashqari, 2015 yilda YaIDXPga yangi qonunchilik aktlarini baholash va muhokama qilish bo‘limi ochildi. Ushbu bo‘lim orqali 2015 yilda 453 qonunchilik hujjati muhokamaga chiqarildi”, deyilgan portal matbuot xizmati xabarida.
2013 yil yanvarida O‘zbekiston prezidenti “Elektron hukumat” tizimini ishlab chiqarishga topshiriq berdi. Hozirgi vaqtga kelib O‘zbekiston elektron hukumati tizimida 20dan ortiq loyihalar faoliyat ko‘rsatmoqda. 2013 yilning 1 iyulidan ishga tushirilgan YaIDXP tizimi hozirgi kunga kelib 600 davlat boshqaruvchi tashkilot va muassasalari nomidan 280 interaktiv xizmatlar ko‘rsatmoqda.