O‘zbekistonda pista yetishtirish bug‘doydan 50 barobar foydali
“O‘zbekiston hududida pista yetishtirishning istiqbollari” mavzusida Respublikamizda pista yetishtirish bo‘yicha tajriba almashinish uchun “aylana stol” atrofida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish O‘zbekistonda tadbirkorlik va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash Markazi va Global ekologik jamg‘armaning kichik grantlar Dasturi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Ishtirok etgan olimlar, seleksionerlar va fermerlar pista navlari plantatsiyalarini yaratish borasidagi fikr va takliflarini bildirdilar, deb xabar beradi "UzReport".
Muzokara so‘ngida iqlimning isib ketishi va quruqligining oshishi sharoitida pista yetishtirish istiqbolliroq va iqtisodiy foydaliroq degan yakdil xulosaga kelindi.
Pista plantatsiyalari uchun Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Andijon va ayniqsa Surxondaryo viloyatlarining tog‘ oldi lalmi yerlari mos keladi.
Yerlari quruq hududlar uchun pista yetishtirish yerdan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish bilan bir qatorada aholi turmush tarzining yaxshilanishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Pista yetishtirishdan olinadigan foyda no‘xot mahsulotlari yetishtirishdan 28 barobar, poliz mahsulotlaridan 9 barobar va bug‘doy yetishtirishdan 50 barobar daromadliroqdir.
Yetishtirish hududlari jihatdan pistaning asosiy raqibi – chorvachilik keltiradigan daromad pista yetishtirishdan olinadigan foydaning bor-yo‘g‘i 4,5 foizini tashkil etadi.
Pistaning kuchli ildizlari tuproq va suvni muhofaza qilish xususiyatiga ega.
Pista dunyo bo‘ylab sevib iste'mol qilinadi va jahon bozorida yong‘oq va bodomdan 3-4 barobar qimmat sotiladi. Konditerlik sanoatida, kolbasa ishlab chiqarishda va boshqa diyetik mahsulotlar tarkibida foydalaniladi. Bu ro‘yxatga pistaning farmakologiyada, teri oshlash sanoatida, qatronlar va samolyot qurilishi uchun yuqori sifatli bo‘yoqlar ishlab chiqarishda foydalanilishini ham qo‘shish mumkin.