20:43 / 02.03.2016
5892

Xitoyliklar 1044 ot kuchiga ega dvigatelli giperkar yaratishdi

Xitoyning TechRules kompaniyasi Jyeneva avtosalonida 1044 ot kuchiga ega dvigatelli, "turboelektrik" TREV (Turbine-Recharging Electric Vehicle) giperkarini yaratishdi. Yangi mashina ikki versiyada namoyish qilindi: trek uchun AT96 («Aviation Turbine») va oddiy yo‘llar uchun GT96 («Gas Turbine»).

Superkarda 20 kVt-soat sig‘imga ega litiy-ionli batareyalarni quvvatlash uchun elektr ishlab chiqaruvchi mikroturbogenerator asosidagi tizim qo‘llandi. Akkumulyatorlar har birining og‘irligi 13 kg dan bo‘lgan 6 ta elektromotorga quvvat beradi.

Bittadan motor oldi g‘ildiraklarda va 2 tadan morot orqa g‘ildiraklarda joylashtirildi. Dvigatellarning umumiy quvvati 1044 ot kuchiga ega.

AT96 versiyasidagi mikroturbina aviatsiya kerosini, dizel yoki benzinda ishlashi mumkin, GT96 modifikatsiyasidagi tizim esa tabiiy gaz yoki biogazda ishlash uchun moslashtirilgan. Bundan tashqari, batareyalar tashqi elektr manbalaridan quvvatlanishi mumkin. Bunda batareya to‘liq quvvatlanishiga 40 daqiqa talab qilinishi mumkin.

Mashina faqatgina elektr dvigatelda harakatlanganda 150 km yo‘l bosishi mumkin. Akkumulyator va 80 litrlik yonilg‘i baki to‘la bo‘lganda giperkar 1930 km yo‘l bosishi mumkin.

Xitoyliklar bu mashinaning bitta ishchi prototipini Britaniyadagi "Silverstoun" trassasida sinovdan o‘tkazishganini aytishdi. Kupe joyidan 96 km/soat tezlikkacha 2,5 soniyada tezlashishi mumkin, uning maksimal tezligi 350 km/soatni tashkil qiladi.

TechRules ikki yillardan keyin mikroturbinali tovar superkarini qurishni rejalashtirmoqda. Bu model cheklangan miqdorda chiqariladi. Xitoyliklar keyinroq "ommabop shahar avtomobilini" ishlab chiqarmoqchilar.

Top