Jahon | 00:19 / 03.03.2016
7763
2 daqiqa o‘qiladi

IShIDning valyuta bozordagi savdolardan oladigan daromadi oyiga 20 mln dollarga baholandi

IShID har oy Yaqin Sharqdagi valyuta bozorlarida 20 mln dollarga yaqin daromad oladi. Bu terrorchilik guruhi uchun neft kontrabandasi va tovlamachilik bilan bir qatordagi daromad manbai hisoblanadi. Bu haqda The Telegraph nashri Buyuk Britaniya parlamentining xorijiy ishlar bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida ma'lum qilingan ma'lumotlarga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.    

Britaniya parlamentining terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurashish qo‘mitasi boshlig‘i Jon Beyronning aytishicha, terrorchilik guruhi valyuta bozorlarida o‘ynash uchun pullarni 2014 yil iyunida Mosulni bosib olganda u yerdagi Iroq markaziy bankining filialida saqlangan 429 mln dollarni qo‘lga kiritgan. Beyronning aytishicha, valyuta bozoridagi savdolarga Iroq hukumati terrorchilar nazoratida bo‘lgan hududlar aholisiga o‘tkazadigan pensiya to‘lovlari ham ishlatiladi.

Valyuta savdolaridan olingan daromad IShID nazoratida bo‘lgan hududlarga musulmon davlatlarida keng tarqalgan "havola" deb nomlanuvchi pul o‘tkazmalarining norasmiy tizimi orqali jo‘natiladi.

Gazetaning ta'kidlashicha,  IShID shuningdek neft kontrabandasi va tovlamachilikdan ham katta daromad oladi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, IShID neft savdosidan 2015 yilda 400-500 mln dollar topgan. Pentagonning baholashicha, terrorchilarning daromadlari xalqaro koalitsiyaning neft infratuzilmasiga bergan zarbalari oqibatida 3 marta kamaygan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish