Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada olingan haydovchilik guvohnomasi O‘zbekistonda o‘tadimi?
Sarzone.uz sayti Rossiyada olingan haydovchilik guvohnomasi O‘zbekistonda o‘tishi mumkinligi haqida so‘rovchining savoliga mutaxassis orqali javob qaytardi.
Savol: Men Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ishlayman. Menda O‘zbekiston pasporti bor va tez yillarda O‘zbekistonga qaytaman. Savolim shundan iboratki, men Rossiyaning haydovchilik guvohnomasini olsam, bu O‘zbekistonda ham o‘tadimi? Javob uchun avvaldan rahmat.
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-avgustdagi 156-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi ta'lim muassasalarini hisobga olish, imtihonlarga ruxsat berish va ularni o‘tkazish, haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 77, 78, 79-bandlarida xalqaro haydovchilik guvohnomalari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalari va ularni almashtirish tartibi to‘g‘risidagi qoidalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Xorijda olingan haydovchilik guvohnomalari O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi. Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konven tsiya (Vena, 1968 yil 8 noyabr) talablariga javob beradigan milliy haydovchilik guvohnomalari O‘zbekiston Respublikasi hududida ularning belgilangan tartibda tasdiqlangan tarjimasi mavjud bo‘lganda haqiqiy hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalari YHXBB orqali Tashqi ishlar vazirligida tekshiriladi. Tekshirish natijasida tasdiqlangan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtiriladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilsak, Rossiyada olingan haydovchilik guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi.
Faqat uni O‘zbekistonga qaytganingizdan keyin milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirishingiz kerak. Buning uchun taqdim etilgan haydovchilik guvohnomalari oldin YHXBB orqali Tashqi ishlar vazirligida tekshiriladi. Tekshirish natijasi ijobiy chiqsa, ushbu shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishlari kerak bo‘ladi.
Nazariy va amaliy imtihonlarni hududiy YHXB RIB (TRIB)larining komissiyalari qabul qiladi. Ushbu imtihondan muvafaqqiyatli o‘tgan shaxslar o‘z haydovchilik guvohnomalarini O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirishlari mumkin.
Demak, chet eldan haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar uni O‘zbekiston haydovchilik guvohnomasiga almashtirishda haydovchilik maktabida qayta o‘qishi shart emas. Faqat nazariy va amaliy imtihonni topshirsa kifoya qiladi.