09:36 / 03.03.2016
1983

Toyota xavfsizlik yostiqchalaridagi muammolar tufayli 330 mingdan ortiq avtomobilini chaqirib oladi

Dunyoning eng yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchisi Toyota Motor kompaniyasi jahon bozoridagi 331 ming atrofidagi avtomobilini xavfsizlik yostiqchalaridagi nosozlik sababli qaytarib olish haqida e'lon qildi.

Muammolar Takata firmasi tomonidan taqdim etilgan mahsulotlarda ekani aytilgan.

Qayd etilishicha, chaqirib olinadigan avtomobillarning eng ko‘p qismi AQShda - 198 ming. Bu mamlakatga yuborilgan Toyota Corolla (2008 yilgi) va Lexus SC 430 (2008-2010 yillar) modellarida muammo aniqlangan.

Yevropa Ittifoqi hududidan 86 ming (Toyota Avensis va Lexus SC 430), Osiyo bozoridan 3 ming avtomobilda xuddi shunday nosozlik mavjudligi aniqlangan.

Ularning ehtiyot qismlari boshqasiga almashtiriladi. Bu xizmat bepul amalga oshiriladi.

Takata yostiqlarida foydalanilgan kompressor nuqsonli bo‘lib chiqqan, xavfsizlik yostig‘i ishga tushgan vaqtda u portlab ketishi mumkin. Natijada transport vositasi saloniga siniq parchalari otilib, ichkaridagi kishilarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Toyota Motor Corporation — Toyota Group`ning yirik bo‘linmasi hamda yapon avtosanoatining yetakchisi sanaladi. Kompaniyaga 1937 yilda asos solingan. Bosh qarorgohi Ayti prefekturasining Toyota shahrida joylashgan. Jami xodimlarining soni 300 mingdan oshadi. O‘tgan yilda kompaniya mashinalaridagi Takata xavfsizlik yostiqlari, oyna ko‘targichdagi nosozliklar sabab bir necha marotaba jahon bozoridan ommaviy chaqirib olish haqida e'lonlar bergan edi.

Top