Jahon | 11:07 / 04.03.2016
4766
1 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston poytaxtida joylashgan “Abu-Dabi Plaza” binosi tag‘in yonib ketdi

Qozog‘iston poytaxtida joylashgan ko‘ptarmoqli "Abu-Dabi Plaza" binosi tag‘in yonib ketdi. Bu haqda mamlakat IIV qoshidagi faqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ma'lum qilgan.

Qo‘mita vakili Ruslan Imankulovning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in binoning balandda joylashgan qavatlaridan birida, mahalliy vaqt bilan 07:47 da boshlangan. "O‘t o‘chirish bo‘limlarining qayd etishicha, yong‘in mineral vatadan kelib chiqqan hamda yong‘inning umumiy maydoni 50 kv. m ni tashkil etadi", - deb vaziyatga aniqlik kiritdi Imankulov.

Yong‘inni o‘chirish uchun shaxsiy tarkibdagi 4 texnika va 37 kishi ishtirok etdi. "Yong‘in mahalliy vaqt bilan 08:47 da bartaraf etildi", - dedi Imankulov.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 13 fevral kuni aynan mana shu majmuada yirik yong‘in kelib chiqqan edi.