Jahon | 11:32 / 07.03.2016
8365
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: 200 nafarga yaqin jangari IShIDga isyon ko‘targan Raqqa aholisi tomonga o‘tdi

Suriyaning Raqqa viloyatida IShIDga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan aholi vakillari safiga jangarilar ichidan qochib kelgan 200 nafar atrofidagi yollanma jangarilar kelib qo‘shilgan. Bu haqda o‘z manbasiga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar tarqatgan.

Bundan oldinroq, isyon natijasida IShIDning Suriyadagi markazi hisoblanadigan Raqqa shahrining bir qator tumanlaridan jangarilar siqib chiqarilib, hukumat bayroqlari osilgani ma'lum bo‘lgandi.

Sputnik nashrining manbasi xabariga ko‘ra, Raqqa aholisi to‘qnashuvlar davomida jangarilarni yana 5ta tumandan siqib chiqarib, tuman markazlariga Suriya bayroqlarini o‘rnatishgan. Ma'lum qilinishicha, isyonchilar Suriya qo‘shinlari bilan aloqada bo‘lib turibdi.

Shahar aholisi 6 martga o‘tar kechasi namoyishga chiqishgandi. Shundan so‘ng isyon boshlanib, qurolli to‘qnashuvlar natijasida IShIDning ko‘plab jangarilari o‘ldirilgan.

Frot daryosi yoqasida joylashgan bu shahar IShID va «Jibhat an-Nusra» guruhlari tomonidan 2013 yil martida nazorat ostiga olingan edi. Shundan beri Suriya hukumati bu shaharni qaytarib olish uchun havodan va quruqlikdan bir necha marta keng ko‘lamli hujumlar amalga oshirgan, lekin maqsadga erisha olmagan.

Shu bilan bir vaqtda Suriya shimolidagi Halab shahrini IShIDdan ozod etish uchun kurdlar yordamida harakatlar olib borilmoqda.

6 mart kuni kurd askarlari Tel-Abyad shahrini IShID nazoratidan ozod qilgan. Bu shahar uchun jangda 43 nafar kurd askari halok bo‘lgan, IShIDning yo‘qotishi esa 140 nafar bo‘lgan.

Bundan oldinroq, IShID nazorati ostidagi Dayr-az-Zor shahridan 80 nafar yollanma jangari qochib ketgani xabar qilingandi.