Jamiyat | 09:50 / 07.03.2016
3803
1 daqiqa o‘qiladi

Oq dengizda muz ostiga sho‘ng‘ish bo‘yicha rekord o‘rnatildi

Rossiya geografik jamiyati muz ostiga sho‘ng‘ish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatilgani haqda xabar berdi: akvalangchilar Maksim Astaxov va Aleksandr Gubin Oq dengizda 102 metr chuqurlikka qadar suzib borishdi.

Dengiz suvining harorati Tselsiy bo‘yicha -1,5 bo‘lishiga qaramay, u suvdagi tuz miqdorining ko‘pligi sabab muzlab qolmagan edi.

Rossiya geografik jamiyatining ma'lumotiga ko‘ra, 80 daqiqa davom etgan sho‘ng‘ish paytida akvalangchilar dengiz tubidan tuproq olib chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Akvalangchilar, shuningdek, ekstremal sharoitda suv ostida ishlatiladigan yangi qurilmalarni ham sinovdan o‘tkazishgan. Rossiya geografik jamiyati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu ekspeditsiya Arktikada olib boriladigan tadqiqot ishlariga tayyorgarlikdir.