Arsen Venger: «Agar men munosib bo‘lmaganimda, «Arsenal» rahbariyati meni 19 yil ushlab turmas edi»
«Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger o‘z manziliga yo‘llangan tanqidlarga yana bir bor javob qaytardi.
«Men bu yerda 19 yildan buyon ishlamoqdaman va menga hamisha kameralar qarshisida turib, bu joyda bo‘lishim to‘g‘riligini takrorlashga va o‘zimni oqlashga to‘g‘ri kelgan.
Menda bu borada umuman muammo yo‘q. Men o‘zim bu jamoaga munosib ekanimni qaytaraveraman. Lekin bu zerikarli ham. Men hamisha o‘zimning yaxshi ekanimni isbotlashga urinishim kerak bo‘lmoqda. Men 35 yillik faoliyatim davomida faqat yuqori saviyada ishlaganman.
19 yil bu jamoada ishlaganingdan keyin ham mendan bu jamoada ishlashga loyiqligim yoki loyiq emasligim haqida so‘rashadi. Bunday savollar zeriktirdi. Axir loyiq bo‘lmaganimda, rahbariyat buni menga aytgan bo‘lardi.
Men hamisha o‘z ustimda ishlayman, har bir xatoimni ko‘rib chiqaman va uni to‘g‘rilashga harakat qilaman. O‘ylamaymanki, rahbariyat 19 yildan beri meni bu lavozimda menga ishonmagan holda ushlab turibdi. Yoki siz o‘zingizni ulardan aqlliroq deb hisoblaysizmi?» — deydi Venger.
Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» bugun «Xall Siti» jamoasiga qarshi Angliya Kubogi doirasidagi o‘yinda maydonga tushadi.