Serena Uilyams: Sharapova doping qabul qilganini tan olib mardlik qildi
Dunyoning birinchi raqamli raketkasi amerikalik Serena Uilyams rossiyalik Mariya Sharapovaning doping mojarosi haqida fikr bildirib o‘tdi. U o‘zining prinsipial raqibasi sifatida qaraladigan bu tennischining doping qabul qilganini tan olishini mardlik namunasi sifatida baholagan.
"Men bu xabarni eshitib hayratga tushdim. Lekin shu bilan birga xursandman hamki, uning o‘zi buni tan olib, jasorat ko‘rsatdi. Bu haqiqiy mardlik namunasi", deydi Uilyams.
7 mart kuni rossiyalik tennischi, dunyoning eng boy ayol sportchisi Mariya Sharapova Los-Anjyelesdagi maxsus matbuot anjumani chog‘ida 2016 yilgi Avstraliya ochiq chempionatida undan olingan namunalarda man etilgan preparat — meldoniy topilganini tan oldi.
Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) Sharapovaning 2016 yil, 26 yanvarda topshirgan doping-testi ijobiy chiqqanini ma'lum qilgandi. 2 mart kuni esa unga taqiqlangan preparat qabul qilinganlikda ayblov qo‘yilgan. Uning ishi borasida qaror e'lon qilinguniga qadar rossiyalik tennischi barcha WTA turnirlaridan diskvalifikatsiya qilindi. Ushbu diskvalifikatsiya 2016 yilning 12 martidan kuchga kiradi.
Butunjahon antidoping agentligi (WADA) Sharapovaning ishi bo‘yicha ITF o‘z qarorini e'lon qilmagunicha, uning ishi haqida hech qanday izoh bermaydi.
Ma'lumot uchun, meldoniy (mildronat) preparati S4 (gormonlar va metobolizm modulyatorlari) sinfiga kiradi va WADA’ning taqiqlangan preparatlar ro‘yxatidan joy olgan. Mazkur preparat sportda organizmning jismoniy holatini yaxshilash va ruhiy zo‘riqishning oldini olish uchun iste'mol qilinadi. Joriy yilning 1 yanvaridan meldoniy preparatini qabul qilish antidoping qoidalarining buzilishiga olib keladi.