Sport | 15:02 / 10.03.2016
3117
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi doping borasidagi barcha o‘zgarishlardan xabardor ekanligini ma'lum qildi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) 2016 yil arafasida taqiqlangan vositalar ro‘yxatiga kiritgan barcha o‘zgarishlardan xabardor bo‘lgan va bu haqda barcha federatsiyalar va sportchilarni xabardor qilgan, deb ta'kidlab o‘tdi Sputnik muxbiriga qo‘mitadagi manba.

Manbaning aytishicha, WADA har yili taqiqlangan vositalar ro‘yxatiga kiritilgan yangi moddalar nomini chop etishi an'anaga aylangan. 2016 yilda bu ro‘yxat 30 ta yangi nom bilan to‘ldirilgan, ulardan biri meldoniy moddasi bo‘lgan.

"O‘zbekiston MOQ u yoki bu modda doping hisoblanishini muhokama qilishga huquqi yo‘q. Agar bu modda WADA ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, u taqiqlovda bo‘ladi va sportchilar bu moddani boshqa iste'mol qila olmaydilar. Bu borada boshqa fikrlar bo‘lishi mumkin emas, Olimpiya harakatida ishtirok etuvchi barcha sport federatsiyasi va qo‘mitalari bu umumqabul qilingan talabga rioya qilishi kerak", deb ta'kidlab o‘tdi manba.

O‘zbekiston sport federatsiyalari, ular orqali sportchilar va sport shifokorlari yangi o‘zgarishlar haqida xabardor etilganlar, shuning uchun MOQ yangi doping mojarolardan hayiqmayapti. Bu ishonch o‘zbek sportchilari bilan bir qator xalqaro musobaqalarda yuz bergan mojarolardan keyin chiqarilgan to‘g‘ri xulosalar bilan mustahkamlangan.

O‘zbekiston London Olimpiadasida sportchilar tomonidan taqiqlangan vositalar qabul qilish muammosiga duch kelgan. O‘sha Olimpiadada erkin kurash bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritgan Soslan Tigiyev ijobiy doping namuna deb medaldan mahrum etilgandi. Shuningdek, taqiqlangan vositalarni qabul qilganlik uchun gimnastikachi Luiza Galiulina va dzyudochi Abdulla Tangriyev musobaqalardan chetlatilgandi.

Shu voqealardan keyin O‘zbekiston aksildoping xizmati salohiyatini mustahkamlash, jumladan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi yaratish haqida qaror qabul qilingan. Aynan shu markaz bugungi kunda sportchilarning malakali davolanishi, reabilitatsiyasi va tayyorgarligi hamda aksildoping nazorat uchun javob beruvchi yagona tashkilotga aylandi.

Agar markazda biror sportchida Mariya Sharapova kabi kimningdir aybi bilan yoki noqonuniy tarzda qabul qilingan taqiqlangan modda aniqlansa, uning murabbiyi va sport shifokori bu haqda ogohlantiriladi. Bundan tashqari, sportchiga taqiqlangan moddaning organizmdan chiqarilishi uchun ko‘mak ko‘rsatiladi.

O‘zbekistonda bir yilda kamida ikki marta O‘zbekiston terma jamoalari a'zolari va ularning eng yaqin zaxiralarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maxsus tizimi tashkil etilgan. Sharapova holatidagidek shifokorlar doping vositalar ro‘yxatidagi o‘zgarishlarni bilmagan holatlarga duch kelmaslik maqsadida sport shifokorlari malakasini oshirish tizimi yaratilgan. Malakasini oshirgan shifokorlar yuqori malakali sportchilar bilan ishlashga huquq beruvchi litsenziya oladilar.