Sport | 22:03 / 10.03.2016
5152
2 daqiqa o‘qiladi

Pele jahon chempionatlarida olgan oltin medallarini sotuvga qo‘ydi

Braziliya terma jamoasi safida futbol bo‘yicha uch karra jahon chempioni bo‘lgan afsonaviy Pele o‘zining 2 mingga yaqin shaxsiy buyumlari, jumladan mukofotlari va medallarini auksionga qo‘ydi.

Sotuvga qo‘yilgan buyumlar orasida Pele qo‘lga kiritgan barcha uchta jahon chempionatidagi oltin medallar va avvallari jahon chempionati g‘oliblariga topshirilgan Jyul Rime mukofoti nusxasi ham bor. 1970 yilda Braziliya uchinchi marta jahon chempioni bo‘lgan va Jyul Rime mukofoti, ya'ni jahon chempionati kubogini abadiy saqlash uchun olgan. Bu kubok 1983 yilda o‘g‘irlab ketilgan. Bundan tashqari, lotlardan birida Pele o‘smirligida o‘ynagan, o‘ralgan paypoqlardan yasalgan qo‘lbola futbol koptogi ham bor.

"Men muxlislarim va kolleksionerlarga tariximning bir qismini sotib olishlariga imkon berishga qaror qildim. Umid qilamanki, ular bu buyumlarni qadrlaydilar va mening tariximni o‘z farzandlari va kelajak avlodlar bilan bo‘lishadilar", deb aytdi Pele.

75 yoshli "futbol qiroli"ning aytishicha, auksiondagi savdolardan tushgan pullardan bir qismi Braziliyaning Kuritiba shahridagi bolalar shifoxonasiga beriladi.

Jyul Rime mukofoti nusxasi 400 ming dollardan bir million dollargacha, uchta oltin medal 200 ming dollargacha, Pele 1000-golini urgan to‘p esa 40-60 ming dollarga ssotilishi kutilmoqda.

Auktsion 7-9 iyun kunlari Londonda bo‘lib o‘tadi.