Jamiyat | 08:34 / 10.03.2016
5186
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning ikkita markaziy kanali jonli efirda bir xil ekspertlar ishtirokidagi ko‘rsatuvni bir vaqtda efirga uzatdi

Rossiyaning Birinchi kanali va NTV telekanali 29 fevralda bir vaqtning o‘zida parallel ravishda bir xil ekspertlardan iborat tok-shoularni jonli efirda ko‘rsatdilar.

Birinchi kanaldagi "Vremya pokajyet" va NTVdagi "Mesto vstrechi" ko‘rsatuvlari "jonli efir" belgisi ostida bir vaqtning o‘zida efirga uzatildi. U ko‘rsatuvda ham, bunisida ham bir xil odamlar, o‘sha-o‘sha kiyimda ishtirok etganlar. Birinchi kanalda yo‘l-transport hodisasi keltirib chiqargan aktyor Valeriy Nikolayevning xatti-harakati, NTVda esa Suriyadagi vaziyat muhokama qilingan.

"Vremya pokajyet" tok-shousi boshlovchisi Pyotr Tolstoy ko‘rsatuvning 13-daqiqasida o‘z quloqchiniga prodyuserdan ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan Davlat dumasi deputati Mixail Starshinov boshqa kanalda ham "jonli efirda" ko‘rsatilayotgani haqida xabar olgan. Bundan Birinchi kanaldagi ko‘rsatuv haqiqatda ham jonli efirda ketgani haqida xulosa chiqarish mumkin.

Boshlovchi prodyuserdan signal olgandan keyin Starshinovga "Sizga Suriya bo‘yicha mutaxassis sifatida jonli efirda dolzarb masalalar bo‘yicha gapirishingizga imkoniyat bermoqchiman. Shunchaki, hozir siz boshqa kanalda shu haqda gapirayotgan ekansiz", deb kinoya bilan murojaat qilgan. Starshinov shu vaqtda boshqa ko‘rsatuvda Suriya haqidagi fikrlari bilan bo‘lishayotgan bo‘lgan.

Keyinroq Birinchi kanaldagi munozaraga parallel ravishda NTVda ko‘rsatilayotgan boshqa mehmonlar ham qo‘shilgan. "Vremya pokajyet" ko‘rsatuvining Suriyaga bag‘ishlangan ikkinchi qismida bir qator mehmonlar ham o‘z fikrlarini bildirishgan. Ularning barchasi NTVdagi "jonli efirda" ishtirok etganlar va aynan bir xil kiyimda bo‘lganlar.

"Vremya pokajyet" va "Mesto vstrechi" 29 fevralda bir xil vaqtda, ya'ni soat 13:55 da boshlangan. "Vremya pokajyet" 15:00 da yakunlangan, "Mesto vstrechi" esa 5 daqiqaga vaqtliroq tugagan.

Efirga uzatilgan "Mesta vstrechi" ko‘rsatuvi tok-shouning ilk soni bo‘lgan. Uning formati "Vremya pokajyet"nikiga o‘xshash bo‘lib, ikkala ko‘rsatuvni ham bir ayol va bir erkak boshlovchi olib boradi. Birinchi kanaldagi ko‘rsatuvni Pyotr Tolstoy va Yekaterina Strijyenova, NTVdagi ko‘rsatuvni esa Andrey Norkin i Olga Belova olib boradilar. Ko‘rsatuvlar yozilgan studiya ham deyarli ikkala ko‘rsatuvda bir xil ko‘rinishda bo‘lgan, deb ta'kidlanmoqda.