Jahon | 15:53 / 10.03.2016
3585
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Rossiya bilan birgalikda aksilterror o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

Tojikistonda tashqaridan terrorchilik xurujlarini qaytarish bo‘yicha yirik Tojikiston-Rossiya o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlarga jami 50 mingdan ko‘proq harbiy hamda katta miqdorda zirhli texnika va aviatsiya jalb qilingan, deb xabar berildi TASS axborot agentligi muxbiriga Tojikiston mudofaa vazirligi matbuot xizmatida.

Birgalikdagi mashg‘ulotlarning faol bosqichi Xatlon garnizoning 5 ta poligonida, ya'ni "Lyaur", "Sumbula", "Momirak", "Harbmaydon" va "Halqayer" mashg‘ulotlar bazasida bo‘lib o‘tadi. Mashg‘ulotlarga umumiy hisobda Tojikiston Qurolli kuchlarining 50 mingga yaqin askar, zobit va zaxiradagi harbiylari hamda Rossiyaning 2 mingdan ko‘proq askar va zobitlari jalb qilinadi.

Tojikiston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Faridun Mahmadalizodaning aytishicha, "Tojikiston va Rossiyaning harbiy hamkorligi tarixida birinchi marta mashg‘ulotlarda Tojikistonda joylashgan Rossiyaning 201-harbiy bazasi harbiylaridan tashqari, Rossiya mudofaa vazirligi markaziy harbiy ourugining qo‘shimcha kuchlari va vositalari ishtirok etmoqda".

Mashg‘ulotlar Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning "Hududiy mudofaani tashkil etish rejasini tasdiqlash va amalga oshirish" farmoni doirasida o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlarga Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo qo‘mondonlik qiladi. Rossiya tomonidan mashg‘ulotlarni Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari general-leytenant Hasan Kaloyev boshchiligidagi okrug vakillari guruhi kuzatib boradi.