Fan-texnika | 23:16 / 10.03.2016
3426
2 daqiqa o‘qiladi

Usti ochiq Audi R8 kamuflyajsiz suratga olindi

Auto Express nashri usti ochiq yangi avloddagi Audi R8 modelining kamuflyajsiz suratlarini chop etdi. Rodster mart oyi oxirida Nyu-Yorkdagi motorshouda ilk bor namoyish qilinadi.

Audi R8 Spyder yig‘iluvchi mexanizmli yumshoq tom hamda tom yig‘ilganda olinadigan orqa vertikal oyna bilan jihozlanadi.

Superkar Virtual Cockpit raqamli asboblar panelini oladi. Bu panel 3-avlod TT modelida ilk bor ishlatilgan hamda keyinroq R8 kupesining standart jihozlanishi ro‘yxatiga kiritilgan.

Rodster usti yopiq variantidan 100 kg ga yengilroq bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Usti yopiq R8’ning og‘irligi 1454 kg ni tashkil qiladi.

Yangi Audi R8 Spyder modeli standart versiyadagi kabi 540 ot kuchiga ega, 5,2 litrli atmosferali V10 motori va plus variantida 610 ot kuchiga ega motor bilan jihozlanadi. Rodster kupedan biroz sekinroq harakatlanadi. Bu modelning top-varianti 100 km/soat tezlikka 3,2 soniyada erishadi, uning maksimal tezligi esa soatiga 323 km ni tashkil qiladi.