Xitoyda 11 yoshli bola onlayn-o‘yinlar zarari haqidagi bahsda barmog‘ini kesib tashladi
Xitoyda 11 yoshli o‘yinlar ixlosmandi ota-onasi bilan onlayn-o‘yinlarning zarari haqida bahslashayotib o‘zining barmog‘ini kesib tashladi, deb xabar bermoqda The Sun nashri.
Bahs bola uyg‘onishi bilanoq smartfonda o‘yin o‘ynashni boshlagani tufayli chiqqan. Bolaning onasi farzandining bu qilig‘idan norozi bo‘lgan. U o‘g‘liga o‘z ukasiga yomon o‘rnak ko‘rsatayotganini aytgan. Bola 6 yoshli ukasi hali o‘yinlarga qiziqish bildirmayotganini aytib, onasiga e'tiroz bildirgan.
Keyinroq ona-bola bahsiga ota ham qo‘shilgan va bahs avj olib ketgan. 11 yoshli bola bahsga chek qo‘yish maqsadida oshxona pichog‘ini olib, chap qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini kesib tashlagan.
Bola shifoxonaga yetkazilgan va uning barmog‘i o‘z o‘rniga tikib qo‘yilgan. Jarrohlarning aytishicha, operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tganini bir haftadan keyingina baholash mumkin bo‘ladi.