11:04 / 12.03.2016
5563

O‘zbekiston paxta sifatini baholash jahon tizimiga qo‘shilmoqda

O‘zbekiston 2017 yil oxirigacha dunyo amaliyotida qabul qilingan ko‘rsatkichlar bo‘yicha paxta tolasi sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashda foydalaniladigan 16 ta Uster HVI 1000 MA zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarini xarid qilmoqchi, deb ma'lum qildi Sputnik agentligi muxbiriga O‘zbekiston "Sifat" markazidagi manba.

Bugungi kunda bunday qurilmadan ikki komplekti "Sifat" markazining Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Joriy yilda bunday tizimdan 4 tasini sotib olish rejalashtirilmoqda, ularning umumiy qiymati 1 mln dollarga yaqinni tashkil qiladi. Umumiy hisobda tizimlarni sotib olish uchun 6 mln dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirilmoqchi.

"Yangi qurilmalarning sotib olinishi paxta tolasini sertifikatlashtirish milliy tizimini dinamik va barqaror rivojlanishi uchun zarur. Bu nafaqat mahalliy paxtaning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga, balki xorijiy xaridorlarga jahon amaliyotidan tanish bo‘lgan "oq oltin" sifati ko‘rsatkich va mezonlarini taqdim qilish hisobiga ularning ishonchini qozonishga imkon beradi", deb aytdi manba.

Paxta tolasi sifatini baholashning mavjud tizimi O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ishlovchi 13 ta laboratoriya ko‘rsatkichlariga asoslanadi. Manbaning aytishicha, bu laboratoriyalarda ishlatiladigan qurilmalar ma'naviy eskirgan. Oxirgi marta bunday qurilmalar 15 yil avval sotib olingan.

Yangi qurilmalar paxta tolasining uzunligi, mustahkamligi, akslanish koeffitsiyenti, sariqlik darajasi, mikroneyri, bir tekisdaligini maksimal aniqlik bilan aniqlashga imkon beradi. Bundan tashqari, o‘zbek standartlariga ko‘ra tolaning navi va sinfi, hamda undagi nuqson va yot qo‘shimchalar borligi o‘rnatiladi. Ko‘rsatkichlar havo harorati va namligiga qo‘yilgan qat'iy talablarga rioya qilingan holda o‘lchanadi. Buning uchun iqlimni nazorat qiluvchi maxsus tizimlar xarid qilish rejalashtirilmoqda.

Mutaxassislar, shuningdek, Toshkentdagi laboratoriya bilan viloyatlardagi laboratoriyalar ma'lumotlar bazasini butun dunyo bo‘yicha xaridorlar bilan uyg‘unlashtiruvchi innovatsion axborot tizimini rivojlantirish ustida ish olib bormoqdalar. Bu sinalayotgan paxta tolasi partiyasining sifati va miqdori, texnik urug‘lar va lint haqida tezkor ravishda ma'lumotlar almashishga imkon beradi.

"Hozirda biz qiziqarli dastur – paxta tolasi milliy ma'lumotlar bazasini yaratdik, unda O‘zbekistonda yetishtiriladigan barcha paxta navlarining o‘nta sifat ko‘rsatkichi bo‘yicha ma'lumot saqlanadi. Misol uchun, oxirgi yillarda paxta tolasining nav va sinflar bo‘yicha yaxshilanishi kuzatilmoqda. 2014 yilda yuqori navdagi tolalar ulushi 94 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 95,6 foizni tashkil qildi", deb aytdi manba.

Top