21:07 / 13.03.2016
4246

Xayrulla Hamidovdan: O‘n birinchilar o‘n birligi

Hujumchilarni tugatib qo‘yaylik-a, navbat 11-raqam egalariga! Bu raqam ostida o‘ynaydigan yigitlarning aksari hujumchilar, albatta. Ammo yarim himoyada o‘ynaganlari ham bo‘lgan. Sinisha Mixaylovich hujumchilardan ko‘ra ko‘proq himoyachilarga yordam bergani, eronlik Azizi pleymeykerlik vazifasini a'lo darajada uddalagani yodimda.

Hozirdagi mashhurlari – “Barsa”dagi Neymar, “Real”dagi Beyl, golland Robben va “Bavariya”dagi Riberi...

Qolganlarini sanashga hojat yo‘q. Zero, hozir hikoya qiladigan “o‘n birligimiz” baribir yangi chiqqan yulduzlar haqida emas, balki yashil maydondagi repertuarlarini nihoyasiga yetkazgan yulduzlar borasidadir. Kutib oling, o‘n birinchilarning o‘n birligi...

11. Tomas Brulin. Shvetsiya


Klubdagi faoliyatlari u qadar yorqin bo‘lmagan Tomas o‘zining sevimli 11-raqamini Shvetsiya terma jamoasi tarkibida tanitgan. 1990 yilgi mundialda garchi shvedlar guruhdagi barcha bahsda yengilgan bo‘lsalar-da, Braziliyaga birgina golni yo‘llagan Brulin mutaxassislar e'tirofiga sazovor bo‘lgandi.

Bejiz emas edi bu ko‘rinish. To‘rt yildan keyingi AQSh safari Brulin va uning vatandoshlari festivaliga aylanib ketdi. Shvetsiya faqatgina jahon chempionlarigagina imkoniyatni boy berib, turnirning bronza medalini qo‘lga kiritishdi. O‘sha JChga atalgan barcha videodasturlarda bitta manzara hammaning yodida qolib ketgan - gol urgach, o‘sha golini bir aylanib olib nishonlaydigan sap-sariq yigitchaning kulib turgan nigohi! Bu Tomas Brulin edi...

10. Oleg Bloxin. Ukraina


Sobiq sho‘rolar futbolida bor-yo‘g‘i uchta futbolchi “Oltin to‘p” olgan. Shulardan biri ajoyib hujumchi Oleg Bloxindir. U klubi miqyosida ham, terma jamoasi darajasida ham benazir o‘yinchi edi. “Dinamo”da 7 karra mamlakat chempioni bo‘lgan tezkor hujumchi SSSR tarkibida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan.

Kiyevliklar 1975 yili Yevropa kuboklarini titratgan paytlari Bekkenbauer Bloxinning o‘yinini ko‘rib: “Bu yigit bilan o‘ynayotgan jamoa raqibidan bir futbolchi ko‘p bo‘lib harakat qilayotgan bo‘ladi!” degan ekan. Gol urish qobiliyati yuksak sanalgan hujumchi sobiq ittifoq davrida 300lik dovonni zabt etgan yagona futbolchi bo‘la oldi. Bugungi o‘lchovlarda bu qadar ulug‘voh natijani qayd etish ikki futbolchidan boshqasiga nasib etmasa kerak?!

9. Luiji Riva. Italiya


Riva degan futbolchini hozirgi avlod tugul, bizning avlod ham bilmaydi. Ammo quyidagi ma'lumotni o‘qib turib, uni bu ro‘yxatdan tushirib tashlash imkonsiz ishligini tushunib olasiz: “ Luiji Riva – umrbod “Kalyari” jamoasida 11-raqamda o‘ynagan, klub tarixidagi benazir to‘purar. “Kalyari”ning 11-raqami Rivaga umrbodga topshirilgan va undan boshqaga bermaslikka qaror qilingan. Italiya terma jamoasi tarixidagi eng ko‘p gol ham unga tegishli – 35!

1970 yilgi JChda ishtirok etgani va unda faqatgina Pele jamoadoshlariga imkoniyatni boy berganini hisobga olsak, bu natija futzalchilarimizning Erondan yutqazganiga o‘xshab ketadi. Lekin ikki yil oldin Riva Yevropa kubogini boshi uzra ko‘targan, o‘sha turnirda eng yaxshi hujumchi nomini qo‘lga kiritgandi. Mana sizga ajoyib tarix! Oldingilar sadoqatli bo‘lishgan-a -“Kalyari” safida yurib shunchalik natijalar...

8. Pavel Nedved. Chexiya


Sadoqat o‘tmishning sarg‘aygan sahifalarida emas, yaqin kunlarimizda ham uchrab qoladigan tuyg‘u edi. Pavel Nedved asli chex, bilasiz. U o‘sha “Modji voqeasi” bo‘lgan davrda boshqa klubga ketib qolsa, birov malomat qilmasdi. Zotan u turinlik emas. Italiyaliklarning o‘zlari tumtaraqay bo‘lib ketgan mavsumda chexiyalik o‘g‘lon yo‘l-yo‘l 11-raqamida jasorat ko‘rsatishda davom etdi – jarga qulagan “Yuve”ni Del Pero va Buffonga qo‘shilib, yelkada ko‘tarib chiqdi. Sheriklari mahalliy yigitlar ekanligini hisobga olsak, Nedvedning harakatlari ko‘proq taxsinbop.

Chexiya terma jamoasidagi Nedved Turindagidan ko‘ra qo‘rqinchliroq va salobatliroq edi. Paveldan keyin chexlardan hech kim qo‘rqmay qo‘ydi, menimcha...

7. Mikael Laudrup. Daniya


Dam olishga ketgan Daniya terma jamoasini Yevro-92ga bir amallab chaqirib kelishdi. Daniyaliklar kelishgach, buyog‘iga qolganlar dam olishdi!

Ana shu ajoyib va takrorlanmas tarkib ichida qahramonimiz yo‘q edi. Ha, ishonavering. Yevro-84da qatnashib, yarim finalgacha yetib kelgan va tarix sahifalaridagi eng yaxshi jahon chempionatida (86-yilgi mundialda) yorqin o‘yinlari bilan alohida ajralib turgan Mikael Laudrup terma jamoa murabbiyi Nilsen bilan kelisha olmay, Daniya tarixidagi eng oltin tarkibdan tushib qolgandi. Biroq, ana shu holat ham biz bilgan Laudrupning yulduzligiga soya sola olmaydi. Chunki aka-uka Laudruplarning kattasi terma jamoadagi yulduzli o‘yinlarini klublarda ham namoyish etgan.

Mikael “Barsa” tarkibida o‘ynab 4 marta chempionat g‘olibi bo‘ldi va kataloniyaliklarning azaliy dushmani – “Real”ga o‘tib, oq libosda ham bir bora kubokni boshi uzra ko‘tardi. 11-raqamli o‘yinchilarga xos bo‘lmagan daniyalik yarim himoyachi amalga oshirgan fintlar takrorini zamonaviy futbolda hozircha hech kimda ko‘rmadim. Ha.

6. Karl-Xaynts Rummenigge. Germaniya


Hozirgi “taxta” Myullerlarning o‘tmishdagi siymosi aynan shu yulduzda ko‘rinadi. Nemis futbolining tipik vakili u. Karl-Xaynts to‘p bilan u qadar ko‘p muomala qilmagan. Jarima maydonchasi ichida o‘z vaqtini kutib yashagan, xolos. Biroq, butun o‘yin davomida birgina hujum uyushtirilsa, o‘shani golga aylantira olgan. Bo‘ldi, uning asosiy “fishkasi” shu edi. Ammo ana shunday futbolchilar futbolda hamisha ardoqlanadilar.

“Bavariya” tarkibidagi uzoq yillik faoliyatida u ikki martadan mamlakat chempionligi, kubogi, Yevropa kubogi va... “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan. Bir bora superkubok hamda qit'alararo kubok sohibi.

Terma jamoasida esa 80-yili Yevropa chempioni, mundialda esa ikki marta final ishtirokchisi. Rumminnege jahon chempioni bo‘lishi mumkin edi, Maradonadan sal keyinroq tug‘ilsa. Afsuski, JCh-90da u tarkibga jalb etilmagan, jalb etilgan yigitlar oltin medal taqayotgan paytlarida Maradona katta-katta planlarda yig‘layotgan edi. O‘sha avlod Rumminegge avlodi hisoblanadi, buni shaxsan Matteusning o‘zi tan olgan!

5. Rayan Giggz. Uels


Rayan Giggz futbolda va qizil libosda shu qadar ko‘p o‘ynaganki, uning ma'lumotnomasida APL tarixidagi rekordlari to‘lib-toshib ketgan. 21 yil ham o‘ynaydimi-yey odam degan?!

2011 yili “MYu” muxlislari o‘rtasida jamoaning eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun so‘rov o‘tkazildi. Shaxsan men o‘sha paytlari Giggzdan ko‘ra yoqimliroq va shiddatliroq bo‘lgan Kantona yoki Bekxem uloqni olib ketadi, deb o‘ylagan edim. Yo‘q, adashibman. “Qizil iblislar”ning ashaddiy ishqibozlari “buyuk sadoqat”ni munosib baholashdi – uelslik iqtidor qizil libosda o‘ynagan jami futbolchidan ustunroq deb topildi!

Chindan ham Giggz deganda o‘zim ham “MYu”ning eng shonli davrlarini ko‘raman. Maydonda u va maydon chetida Fergyuson. Boshqalar esa ularning soyasida yashashgan, shekilli?!

Giggzning terma jamoasi xususida esa birgina gap: 200 kilometr buyog‘roqda tug‘ilish kerak edi, Rayan! Nachora.

4. Dide Drogba. Kot-D'Ivuar


Mana shu ro‘yxatda 11-raqamga eng mos o‘yinchi kim, deyilsa, qo‘rqmasdan, Drogba, deb javob bergan bo‘lardim. Baquvvat, shiddatli, kurashdan qochmaydigan taran hujumchi! Gol urish uchun tug‘ilgan mashina!

Drogbaning qo‘rqinchliligini raqibi “Chelsi” bo‘lgan muxlislar yaxshi bilishadi. U haqda premer-liganing ko‘pgina himoyachilari “eng kuchli markaziy hujumchi” deb tan olishgan.

Bu iqrorlarni o‘qiy turib, to‘p uchun dahshatli suratda kurash olib boradigan afrikalik forvard bugungi zamonaviy hujumning yorqin vakili, degilarim kelib ketdi.

Premer-ligadagi supero‘yinlarini-ku, mayli, bir chetga sura turing, terma jamoa safidagi yetakchiligi ham uning haqiqiy yulduzligini ko‘rsatadi. Yana bir jihati ham hayron qoldiradiki, Dide qirqqa qarab ketayotganda ham hujumda o‘zini erkin tuta oldi. “Chelsi”ga qaytib, hali qarimaganini isbotlab qo‘ydi. Bu esa, hujum chizig‘ida o‘ynayotgan futbolchilar uchun nodir hodisadir. Shuning uchun ham Drogba odamning ko‘ziga juda katta shaxs bo‘lib ko‘rinaveradi, shekilli...

3. Mixail Mesxi. Gruziya


Bu nom o‘tmishning qorong‘u sahifalaridan (1937 yil tug‘ilganiga sha'ma) yakkash nur sochib turgandek tuyulaveradi. Sho‘ro tuzumining eng ajoyib fint egasi o‘z bahosini topa olmay ketgan daholardan biridir.

Mesxi doim 11-raqamda o‘ynagan, uning qizi 11-sanada tug‘ilgan, ismi va familiyasi kirillchada 11ta harf, 11 metrlik penaltidan xato qilmagan!!!

Terma jamoa tarkibida ozgina o‘ynab, bir marta Yevropa chempioni bo‘lishga ulgurganiga qaramay, juda ko‘p o‘yinlarda uni atayin tarkibga olishmagan. Murabbiylar sho‘rodan tashqaridagi olamga maydonda xohlaganini amalga oshira oladigan dahoni ko‘rsatmaslikka urinishgan.

Bugungi Messi nomida birgina harf o‘zgarishi bilan paydo bo‘ladigan o‘tmish quyoshi edi u.

Mixail Mesxi futbol bilan xayrlashgan oqshom. Urugvay “Nasonal”i murabbiyi oxirgi marta yashil maydonda harakat qilayotgan Mesxining o‘yinini ko‘ra turib, Tbilisi jamoasi vakillariga shunday degan ekan: “Uyat! Agar shu yigit futboldan ketayotgan va siz unda qolayotgan bo‘lsangiz, uyat sizga! Uyalinglar!!!”

2. Revelino. Braziliya


“Hammaga dam! Braziliyaliklar kelishdi!” Bu so‘zlar 62-mundialda italiyalik sharhlovchi tomonidan yangragan edi. Biz ham ro‘yxatimizda shu so‘zlarni ishlatsak, xato qilmagan bo‘lamiz. Buyog‘iga mesxilaru drogbalar rozi bo‘lishadiki, yuqorining haqli egalari tashrif buyurishdi.

Rivelino! Mutaxassislar 11-raqamli yulduzni Pele, Garrincha va Zikodan keyingi 4-braziliyalik deb hisoblashadi. Rivelino 1970 yilgi JChgacha eng kuchli zaxira o‘yinchisi deyilgan. Tarkibda yulduzlar ko‘pligidan, albatta. Ammo Meksika yashil maydonlarida dunyo ahli uni asosiy tarkibda ham kashf etdi. Qarib qolgan Pele orqaroqda o‘ynaganini hisobga olsak, juda ko‘p o‘yinlarda asosiy ishni aynan shu yigit bajargan.

Zamonaviy futbolda Ronaldino va Zlatan tomonidan amalga oshiriladigan “elastiko” finti aynan qahramonimizga tegishlidir. Futbol tarixidagi eng tez gollardan biriga ham Rivelino mualliflik qilgan – darvozabonni darvoza ortidagi tasvirchi bilan so‘rashib turganini ko‘rib qolib, o‘yin boshidayoq maydon markazidan zarba yo‘llagan va hisobni ochgan. Lekin qiziq tomoni shundaki, bu o‘yinchi 11-raqamda o‘ynasa hamki, yarim himoyachi edi.

1. Romario. Braziliya


E'tibor beryapsizmi, braziliyaliklar hujum chizig‘ida o‘ynovchi hamma raqamda peshqadam ekanlar. 9-da Ronaldo, 10-da Pele, 11-da esa, Romario!

Romario yaqinda o‘zining ramziy jamoasini e'lon qildi. Unga o‘zini ham qo‘shgani (Peledan keyin, albatta) biroz nokamtarona baholanishi mumkin. Biroq, shaxsan mening jahlim chiqmadi. Romario chindan ham asr yulduzlari safida turishga haqli o‘yinchidir. Pele ketganidan so‘ng, 24 yillik sukunatni buzishga aynan Romario sababchi bo‘ldi.

Shundan keyingina biz tanigan va biz hurmat qilgan Braziliyaning ishlari yurishib ketdi. Shu jihatdan olganda, o‘zini Peledan keyingi o‘ringa qo‘ygani ham qaysidir asosda to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. AQSh yashil maydonlarida Braziliya bayrog‘ini ko‘tarib yurgan bu o‘g‘lonning sariq libosi oq-qora sahifada ham rangini yo‘qotmagandek, a, sezyapsizmi?!

Xayrulla Hamidov

Manba: www.uff.uz

Top