Jahon | 06:59 / 15.03.2016
3045
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yetakchisi yadroviy qurollarning yangi sinovlari o‘tkazilishini e'lon qildi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Shimoliy Koreya yaqin orada yadroviy qurol va ballistik raketaning yangi sinovlarini o‘tkazishini e'lon qildi. Bu haqda 15 martda Koreya markaziy telegraf agentligiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreya yetakchisi “tegishli bo‘linmalarni tayyorgarchilik ko‘rib, barchasini oxirgi detaligacha tekshirish buyrug‘ini berdi”. Sinovlardan maqsad jangovar kallak uchining termostabilligini hamda qoplamaning issiqlikbardosh materiali yemirilishini baholashdan iborat bo‘ladi. 

14 martda The Washington Post gazetasi Pxenyan vodorod bombasi bilan  Nyu-Yorkdagi Manxetten tumanini yo‘q qilib yuborish imkoniyati haqida e'lon qilganini ma'lum qilgan. Shimoliy koreyalik yadrochi olim Cho Xeng Ilning fikricha, agar Shimoliy Koreya tomonidan yaratilgan yadroviy o‘q dorini qit'alararo ballistik raketaga o‘rnatib, u bilan Manxettenga zarba berilsa, “unda butun shaharning kuli ko‘kka sovuriladi”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish