11:01 / 17.03.2016
1555

Ronaldu yana bir marta "Real" prezidentining taqiqini buzgan holda marokashlik do‘sti oldiga bordi

"Real" jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu yana bir marta Marokashga o‘z do‘sti kikboksyor Badr Hari bilan uchrashish uchun bordi va bu bilan jamoa prezidenti Florentino Peres qo‘llagan taqiqni buzdi. Bu haqda Marokashdagi mahalliy nashrlarga tayangan holda AS xabar tarqatgan.

Futbolchi 12 mart kuni Ispaniya chempionatining navbatdagi turida "Las-Palmas"ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyinoq shaxsiy samolyotida Marokashga uchgan. U 2 kunni safarda o‘tkazgan va mashg‘ulotlarga kelib qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Real» klubi rahbariyati yanvar oyida klub imijiga zarar yetkazmaslik maqsadida Ronalduga marokashlik do‘sti oldiga tez-tez borib turishni taqiqlagandi.

Lekin 1 fevral kuni Ronaldu "Espanol"ga qarshi 6:0 hisobidagi yirik g‘alaba qayd etilgan o‘yindan keyin bu taqiqqa rioya etmagan holda Marokashga ketgandi.

Keyinroq futbolchi bu tashrifdan maqsadi do‘sti bilan uchrashish bo‘lmagani, bu biznes bilan bog‘liq safar bo‘lganini ma'lum qilgandi.

Qayd etish kerakki, "Las-Palmas"ga qarshi o‘yinda 2:1 hisobidagi g‘alaba qayd etilgan bo‘lsada, Ronaldu bu o‘yinda to‘pga atigi 28 marta teginib, o‘z antirekordini qayd etgandi.

«Real» klub imijiga zarar yetkazmaslik maqsadida Ronalduga marokashlik do‘sti oldiga tez-tez borib turishni taqiqladi

Ronaldu taqiqni buzib, «Espanol»ga qarshi o‘yindan keyin yana Marokashga bordi

Top