Jamiyat | 10:12 / 19.03.2016
4292
4 daqiqa o‘qiladi

Manzura: Yulduzlarimiz marhumlarga instagramm orqali ta'ziya bildirishni modaga aylantirishgan

Xonanda Manzura Shahnozabonuning janozasidan qaytib, xamkasblaridan ranjib ensasi qotganini ma'lum qilib, buni umumiy bir mavzu sifatida ko‘tarishni istadi. Bu haqda “Sayyod.com” yozmoqda.

— Instagramda "Opajonim"lab uni o‘limi bilan keng ommaga "tabriklagan"larning birortasi janozaga kelmadi. Faqatgina Davron Kabulovni ko‘rdim, rahmat unga. Shu yigitdan sal xafa edim, ammo shu kuni hurmatim oshdi. Men, Iroda Dilroz va radioboshlovchi Shirin G‘ofurovalar bor edik. Mayli, davlat tadbiri bilan banddir, desang, shu kuni davlat tadbiri yo‘q edi, to‘y desang xam xozir u darajada to‘y mavsumi emas. Et-beti og‘rib qolgandir desang, nahotki xammasinikini yoppasiga birdan aynan shu kuni og‘rib qolgan bo‘lsa?! (jahli chiqadi) Estradadagi xammasi aynan shu kuni betob bo‘lib, gastrolda va yoki tadbirda bo‘lmagandir?!

O‘zimcha ming xijolat bilan kech bordim shekilli deb, hozir xamma o‘sha yerda deb borsam, estrada olamidan hech kim yo‘q! Dutorchilardan bor deyishdi. Uni "gap"chilari-chi, qayda qoldi? 2-3 kun o‘tib Mavluda opa Umida opani olib borganini eshitdim. Ammo qolganlar qani? Shuncha odam instagramda qo‘yganini ko‘rdim, shulardan qani endi birortasi kelgan bo‘lsa. Buxoriy hadislarini mutolaa qilishga kirishgandim, Shahnozabonu o‘limidan bir kun avval o‘sha yerda o‘qigandim, odam o‘lganidan keyin uni ko‘milgunicha borsangiz eng baland tog‘dek sizga savob yozilar ekan. Hech narsa o‘qimaymiz, hech narsa bilmaymiz, odamlar ko‘proq o‘qib Xudoni bilsa, bir-biriga yaxshiligu savob qilsa... Shu narsalarni o‘qib xabari bo‘lganida hech bo‘lmasa o‘zimga savob, deb yugurib borarmidi janozaga. Asr payti iloyim xamma gunohlari to‘kilgan bo‘lsin, deb so‘radik.

Bilasizmi... bir reytingi baland xonandani onasi o‘lganida xammasi o‘sha yerda edi. Mashhur bo‘lsang shu o‘limga xam "pont" uchun xamma borar ekan. Yaxshiyam o‘sha xonandani o‘zi o‘lmabdi, onasi o‘libdi. Umri uzoq bo‘lsin o‘zini, baxtli bo‘lsin, iymonda bo‘lsin. Shunchaki fakt sifatida taqqoslash uchun ham bir misol. Lekin Shahnozabonu sog‘lig‘i tufaylidir yo puli yo‘qmidi, mayli endi yo‘li shunaqa ekan biroz vaqt san'atda ko‘rinmay qolganiga birortasi so‘nggi manziliga kuzatgani bormadi-ya! Xammasi xo‘jako‘rsinga instagramda tabriklagani qoldi. Odamlarga yaxshi ko‘ringanida bu. Lekin yurakdan munosabat yo‘q! Qolmagan! Mana shu eng dahshatlisi, shu uchunam bu mavzuni ko‘tarishlaringizni istayman.

Nima uchun bunaqa bemehr bo‘lib ketishyapti? Instagramga qo‘yguncha, borib jamoa bilan so‘nggi manzilga kuzat, omin qilib yuborsang o‘zinggayam Shahnozagayam savob yozilar. Urf-odatlarimiz-ku. Biz artistlarni xammasi faqat "pont"da, o‘zga brendlarni kiyib olib reklama qilamiz, ertalabdan kechgacha qayerda ovqatlanayotganimizni ko‘rsatamiz va kimnidir tug‘ilgan kuni xamda o‘limi bilan tabriklash bilan kifoyalanamiz, xolos! Lekin odamni so‘nggi manziliga kuzatish uchun bir joyingni ko‘tarib borishga esa yaramaymiz! Uzr, albatta, balki men nohaqdirman, shunchaki bu narsalar meni miyamga sig‘magani uchun chidolmadim, - deya kuyunib so‘zlariga xotima qiladi xonanda.