00:00 / 19.03.2016
1438

Qodirov futbolchi Tarasovning Putin tasviri bo‘lgan mayka uchun olgan jarimasini to‘lab berishni taklif qildi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Moskvaning “Lokomotiv” prezidenti Olga Smorodskayaga UYeFA tomonidan jamoaning yarimhimoyachisi Dmitriy Tarasovga solingan jarimani to‘lab berishni taklif qildi. Bu haqda “Terek” klubi prezidenti Magomed Daudov instagramdagi sahifasida ma'lum qildi.

“Checheniston rahbari, “A.Qodirov nomidagi Terek” klubi faxriy prezidenti Ramzon Ahmatovich Qodirov Dmitriy Tarasovning harakatini yuqori baholab, futbolchiga solingan jarimani “Terek” hisobidan to‘lash taklifini bildirdi”, deyilmoqda Daudov tomonidan chop etilgan, “Lokomotiv” prezidenti nomiga yozilgan maktub nusxasida.

“Lokomotiv” va futbolchi Dmitriy Tarasovni hurmat bildirib va Siz tomondan qabul qilinadigan istalgan qarorni hisobga olib, sizdan futbolchiga solingan 5 ming yevro jarimani to‘lab berishga ijozat berishingizni so‘raymiz”, deyilgan maktubda.

Eslatib o‘tamiz, futbolchi Yevropa ligasida Turkiyaning “Fenerbaxche” klubiga qarshi uchrashuvda Vladimir Putin tasviri tushirilgan va “Eng xushmuomala prezident” degan yozuvli maykani namoyish qilgani uchun UYeFA tomonidan 18 martda 5 ming yevroga jarimalandi. Fevralda “Lokomotiv” futbolchiga 300 ming yevro jarima solgandi.
UYeFA qoidalariga ko‘ra, xalqaro musobaqalar vaqtida siyosiy fikrlar bildirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tarasov “Loko”ga 2010 yilda kelgan. Joriy mavsumda 29 yoshli futbolchi klub safida turli musobaqalarda 20 ta o‘yin o‘tkazib, bitta golga mualliflik qilgan.

Top