Rostov-Donda falokatga uchragan Boeing samolyotining barcha yo‘lovchilari halok bo‘ldi va boshqa tafsilotlar
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Janubiy mintaqa markazida Dubaydan Rostov-Donga kelayotgan Boeing 738 yo‘lovchi samolyoti Rostov-Don aeroportiga qo‘nayotgan paytda qulagani, uning bortida 55 yo‘lovchi, jumladan 4 nafar bola va 6 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgani va ularning barchasi halok bo‘lganini ma'lum qildi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.
Samolyot aeroportga qo‘nishga birinchi urinishda qo‘na olmaganidan keyin ikkinchi urinishda falokatga uchragan. Ma'lum qilinishicha, samolyot yerga tekkandan keyin portlab ketgan.
Ushbu falokat yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasining Janubiy tergov boshqarmasi tergovgacha tekshiruvni boshlagan.
Rostov-Don aeroporti falokat sababli vaqtinchalik yopib qo‘yilgan.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi aviafalokat munosabati bilan ma'lumotlar uchun “qaynoq liniya”ni ishga tushirdi.