01:13 / 19.03.2016
1455

Wanda Group FIFAning korruptsion mojarodan keyingi birinchi yirik homiysiga aylandi

Xitoyning eng boy odami Van Tszyanlinga tegishli, qurilish sohasida faoliyat yurituvchi Wanda Group kompaniyasi FIFAning korruptsion mojarodan keyingi birinchi yirik homiysiga aylandi, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

Wanda Group FIFA bilan shartnoma tuzganini 18 martda o‘z saytida ma'lum qildi. Shartnomaga ko‘ra kompaniya FIFA nomi ostida 2030 yilgacha o‘tuvchi sport musobaqalari, jumladan bu davr ichida o‘tadigan 4 ta jahon chempionati uchun asosiy homiylik huquqlarini oladi. Wanda Group FIFAning asosiy homiysi sifatida qayd qilingan birinchi xitoy kompaniyasi bo‘ldi.

Ayni vaqtda FIFAning asosiy homiylari qatoriga “Gazprom”, Adidas, Coca-Cola, Hyundai va Visa kiradi.

Van Tszyanlin Forbes jurnali talqiniga ko‘ra, dunyoning eng boy odamlari orasida 18-o‘rinni va Xitoyda 1-o‘rinni egallaydi. Uning davlati 28,7 mlrd dollarga baholanmoqda. Tadbirkor birinchi marta sport sohasiga sarmoya kiritayotgani yo‘q: 2015 yilda Wanda Group Ispaniyaning “Atletiko” futbol klubining 20 foiz aksiyasini va triatlon bo‘yicha xalqaro musobaqalar operatori Ironman — World Triathlon Corporation sotib olgandi. Bundan tashqari, kompaniya sport marketingi bilan shug‘ullanuvchi Infront Sports & Media AG kompaniyasini ham sotib olgan. Bloomberg’ning ta'kidlashicha, Infront kompaniyasini FIFAning sobiq prezidenti Yozef Blatterning jiyani Filipp Blatter boshqaradi va bu bitim Tszyanlinga Yozef Blatter bilan yaqinlashishga yordam bergan.

Top