Sport | 07:46 / 20.03.2016
5082
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bokschi Dilshod Mahmudov va Onder Sipal o‘zaro jangda haqiqiy “shou” ko‘rsatishdi

Toshkentda 19 mart kechki payt o‘tkazilgan boks kechasida O‘zbekistonlik bokschi Dilshod Mahmudov (69 kg gacha) va turkiyalik Onder Sipal o‘rtasida AIBA Pro Boxing (APB) musobaqasining 2-davra jangi bo‘lib o‘tdi. Mahmudov va Sipal ringda avval ham bir necha bor to‘qnash kelgan.

Bokschilar hayotda do‘st bo‘lsa-da, biroq ringda ular raqiblar. Jang vaqtida ikkala bokschi ham bir-biriga zarbalar berishdan “uyalmadi” hamda ommani junbushga keltirgan “qotib turib, keyin birdaniga ketma-ket zarbalar berish” bilan bog‘liq “shou”lar ko‘rsatishdi: sportchilar bir necha soniyaga harakatsiz raqibning zarbasini kutib turishdi hamda raqiblari biror harakat qilishi bilanoq ketma-ket zarbalar berib, bu bilan ommaga zavq ulashdilar.

Jang nafaqat shunday “shou”larga, balki ikkala bokschi jangning turli raundlarida bir-birini aniq zarbalar bilan toyitib qo‘ygan holatlarga ham boy bo‘ldi. Shunga qaramay, o‘zbekistonlik charm ko‘lqop ustasi Dilshod Mahmudov raqibidan biroz ustunroq ko‘rindi va hakamlar qaroriga ko‘ra, 3-0 (60:54, 58:56, 58:56) hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi.