Qozog‘istonda parlament saylovlari boshlandi
Qozog‘istonda parlamentning quyi palatasi – majilis va maslihatga (hokimiyatning mahalliy vakillik organlari) navbatdan tashqari deputatlik saylovlarini o‘tkazish uchun saylov uchastkalari ochildi, deb xabar bermoqda Tengrinews nashri.
Mamlakatning aksariyat hududlarida saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan 07.00 da (Toshkent vaqti bilan 06.00 da) ochildi. Ovoz berish soat 20.00 da yakunlanadi.
Parlamentning quyi palatasidagi o‘rinlar uchun 6 ta siyosiy partiya kurash olib bormoqda: yetakchi «Nur Otan» partiyasi, demokratik «Ak jol» partiyasi, Umummilliy sotsial-demokratik partiya, Qozog‘iston kommunistik xalq partiyasi, “Auil” xalq-demokratik vatanparvarlik partiyasi va “Birlik” partiyasi.
Saylov davomida quyi palataga 107 nafar deputat, jumladan partiya ro‘yxatlari bo‘yicha 98 nafar va Qozog‘iston xalqi assambleyasi nomidan 9 nafar deputat saylanadi.
Saylovni Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi, 224 ta hududiy va 9840 ta, jumladan xorijdagi 68 ta uchastka saylov komissiyalari o‘tkazmoqda.
Kechasi soat 21.00 da ovoz berganlar bo‘yicha dastlabki ma'lumotlar ma'lum qilinadi.