Jahon | 19:04 / 20.03.2016
1978
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidenti Navro‘z hech qanday din bilan bog‘liq emasligini aytdi

Bahorgi tengkunlik, yasharish bayrami – Navro‘z hech qanday din bilan bog‘liq emas, bu insonparvarlik va tinchliksevar an'analaridan tashkil topgan madaniy bayram, deb aytdi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon mamlakat ziyolilari bilan an'anaviy uchrashuvda.

“Aynan shu o‘ziga xos jihatlar evaziga Navro‘z ommaviy bayramga aylandi. Bu ajoyib odat o‘zining ezgu sifatlari bilan odamlarning irqiy, milliy va diniy mansubligidan qat'iy nazar ularning uyiga keldi va har bir odamga baxt, xursandchilik va rohat-farog‘at olib keldi”, deb aytdi Rahmon.

Tojikiston prezidentining ta'kidlashicha, Navro‘z haqiqatda insoniyat yorqin ma'naviy xotirasining bir qismi bo‘lib, avlodlarni birlashtirib, do‘stona aloqalar va hamkorlikni mustahkamlaydi.

“Navro‘z odamlar qalbini adovat, nifoq, shafqatsizlikdan tozalaydi, ularda do‘stlik, birodarlik, muhabbat, hurmat, sadoqat, birdamlik va tinch-totuv yashash tuyg‘usini oshiradi, har bir odamga farovon va baxtli hayotdan ezgu xabar olib keladi”, deb aytdi Rahmon.

Joriy yilda Navro‘z Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e'lon qilinganiga 6 yil to‘ladi. Tojikiston bu bayramga ushbu maqomning berilishida tashabbus bildirgan davlatlardan biri bo‘lgan.