12:26 / 21.03.2016
1235

Flydubai Dubaydan Rossiya shaharlariga parvozlarni davom ettirmoqda

Flydubai aviakompaniyasi Rossiya shaharlaridan Dubayga amalga oshiradigan reyslar Rostov-Donda kompaniyaga tegishli “Boing” samolyoti falokatga uchragandan keyin bekor qilinmadi, yo‘lovchilar parvozlardan bosh tortmayaptilar, deb xabar berdilar Rossiyaning Volgabo‘yi, Ural va Janubiy federal okrugida joylashgan shaharlar aeroportlari vakillari RIA “Novosti” axborot agentligiga. 

19 martda tungi soat  03:42 da Flydubai aviakompaniyasining Dubaydan kelayotgan Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti Rostov-Donda falokatga uchradi. Samolyot Rostov-Don aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chaproqqa qulagan. Samolyot bortida 55 yo‘lovchi (44 nafar rossiyalik, 8 nafar ukrainalik, 2 nafar hindistonlik va 1 nafar o‘zbekistonlik) va ekipajning 7 nafar a'zosi (2 nafar ispaniyalik, 1 nafar rossiyalik, 1 nafar kiprlik, 1 nafar kolumbiyalik, 1 nafar qirg‘izistonlik, 1 nafar seyshellik) bo‘lgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan.

Flydubai Rossiyaning Yekaterinburg, Qozon, Krasnodar, Mineralniye Vodi, Moskva, Rostov-Don, Samara, Ufa, Nijniy Novgorod va Novosibirsk shaharlariga reyslar amalga oshiradi.

Yekaterinburgdagi “Koltsovo” aeroporti ma'lumotlar xizmatining ma'lum qilishicha, 20 martda aeroportdan Flydubai’ning ikkita samolyoti uchib ketgan.

“Parvozdan bosh tortishlar bo‘lmadi. Ertalabdan yo‘lovchilardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, ular kompaniya reysni amalga oshirishi-oshirmasligi, ushlanishlar yoki bekor qilinishlar bo‘lish-bo‘lmasligini so‘rashdi”, deb aytdi aeroport vakili.

Aviakompaniya Rossiyaning qolgan shaharlaridan ham reyslarni rejadagidek amalga oshirishni davom ettirmoqda.

Top