12:06 / 21.03.2016
1359

Garet Beyl Ispaniya chempionati tarixida eng sermahsul britan futbolchisi bo‘ldi

Madridning “Real” klubi hujumkor yarimhimoyachisi Garet Beyl Ispaniya chempionatining 30-turida “Sevilya”ga qarshi uchrashuvda o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi. Uchrashuv “qaymoqranglilar”ning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Bu gol uelslik futbolchining Ispaniya Primerasida kiritgan 43-goli bo‘ldi. Shu tariqa Beyl Ispaniya chempionati tarixida eng sermahsul britaniyalik o‘yinchiga aylandi.

Bungacha Ispaniya chempionatida eng sermahsul britan futbolchisi “Barselona” uchun 1986 yildan 1989 yilgacha o‘ynagan Gari Lineker hisoblanar edi. Lineker Ispaniya chempionatlarida 42 ta to‘p urishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu borada Linekerdan keyingi o‘rinlarni irlandiyalik Jon Oldrij (“Real Sosedad” uchun 33 ta gol), shotlandiyalik Stiv Archibald (“Barselona”uchun 24 ta gol) va angliyalik Lori Kanningem (“Real” uchun 16 ta gol) egallamoqda.

Agar barcha musobaqalar olinadigan bo‘lsa, Beyl “Real” safida 113 ta o‘yinda ishtirok etib, 54 ta gol va 42 ta golli uzatma muallifiga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, Garet “Real” safida 3-mavsum o‘ynamoqda va joriy mavsumda shu kungacha raqiblar darvozasiga 18 ta o‘yinda 14 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Top