Jamiyat | 15:01 / 21.03.2016
6956
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Jahon tillari talabasining chet elga o‘qishga ketishiga kim yoki nima to‘sqinlik qilyapti?

O‘zbekiston Jahon tillari universiteti talabasi xorijga o‘qishga ketish masalasida yuzaga kelgan muammolarini Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Maslahat.uz guruhida yozib qoldirgan va foydalanuvchilardan maslahat so‘ragan.

Talaba, jumladan, shunday deydi: “Koreyaga magistraturaga hujjat topshirayotgan edim. Gerbli yumaloq pechat urilishi kerak ekan, buning uchun yo rektor yo prorektorning imzosi kerak (yumaloq pechat uchun). Imzo va pechat urilishi kerak bo‘lgan narsa shu universitetda 4-bosqichda o‘qiyotganligim va o‘qishni iyun oyida tamomlashim haqida MA'LUMOTNOMA, xolos. Prorektorning oldiga borsam, dekaning javobgar dedi, dekanning imzosi gerbli pechatga asos bo‘lolmaydi, prorektorga yana yuzlandim, xalqaro bo‘limga junatdi. Xalqaro bo‘limdagilarga salom berib, maqsadimni aytsam , ular shunday alik olishdi: ”Nima bo‘lsa xalqaro bo‘lim, nima bo‘lsa xalqaro bo‘lim...”. Ularning savoli: hali hammasi oldinda GOSTlar bor, ulardan o‘tishizni bilmaymizku — deyishdi. Hamma fanlarim besh, qanday GOSTdan yiqilishim mumkin, degan savolimga baland ohangdagi “bilmayman”, degan javobni oldim. Dekanim qo‘ldan kelgancha yordam qildi, lekin ularning imzosi gerbli pechatga asos bo‘lmaydi. Xullas, undan bunga yugur, bundan unga yugur. Hujjat topshirish muhlati esa 25-mart. Pochta yetib borishiga 2 kun ketadi, dam olish kunlarida pochta ishlamaydi. Nima qilsam ekan?”

Talabaning murojaatiga guruh foydalanuvchilari o‘z fikrlarini qoldirishgan. Xususan ushbu universitet rektori Kayumov Shuhrat shunday degan: “Assalomu allaykum Adxam Usmonovich, bu masala oldin xam bir nechta talabalar tomonidan kutarilgandi. Universitetda faoliyat kursatayotgan koreyalik domlalarni (jumladan Pak Da Jon) chakirib suradim. "Nimaga bunaka talab kuyilayapti J. Koreyaliklar tomonidan. Axiri talaba akademik axvoli buyicha dekan imzosi bilan dekanat muxri Uzbekistonda utadi. Shaxsan uzim xam bir necha marta chet elga topshirganimda dekanat ma'lumotnomasi asosida grantlar va tanlovlarga xujjatlar kabul kilishgan.

Nimaga AKSh, Garbiy Yevropa va Yaponiya kabi davlatlarga utgan ma'lumotnoma JKoreyaga utmaydi? Axiri bizga xam turli chet el universitetlardan xujjatlar kelganida bir xillarda dumalok, ayrimlarda turtburchak, ayrimlarida esa yulduzsimon muxrlar kuyiladi. Gerb muxir aslida fakat bizda va MDXda bor". Koreyalik volonter domla "Tushunmovchilik bulibdi. gerb muxir bulishi shart emas, dekanatniki utadi" dedi. Ya'ni Siz kabi bir nechta talaba "graduation expected" deb ma'lumotnoma olib ketishgan. Agarda J.Koreya elchixonada bu talab kuyilayetgan bulsa, xabar bering, ulardan rasmiy surov beramiz”.