Messi “Real” muxlisasining qo‘lini sindirib qo‘ydi
Barselona hujumchisi Lionel Messi “qaymoqranglilar” muxlisasiga tasodifan aziyat yetkazdi.
Voqea Barselonaning Vilyarrealga qarshi o‘yini vaqtida yuz bergan. Gap shundaki, Messi hujumga tashlangan vaziyatlardan birida darvoza tomon yo‘llagan zarbasi to‘sin yonidan o‘tib, stadionda o‘tirgan qizlardan biriga tekkan. Hujumchining kuchli zarbiga duch kelgan Rakel Taxuelo o‘yindan so‘ng shifoxonaga murojaat qilgan. Rentgen tahlillari jabrdiydaning barmog‘i singanini ko‘rsatdi.
“Men bundan avval ham Messini yoqtirmas edim, endi esa undan nafratlanaman. Men aslida Real muxlisasiman”, deydi Rakel. Uning aytishicha, Messi zarba yo‘llagan chog‘da, quyosh qizning ko‘zini qamashtirganiga qaramay, u to‘pning yo‘nalishini payqay olgan va yuzini to‘sish uchun qo‘lini ko‘targan. Kuchli zarbani his qilgach esa hushidan ketgan. Bu haqda u, El Mundo Deportivo nashriga bergan intervyusida ma'lum qilgan. Qayd etish joizki, Kataloniya jamoasi ham bu voqeadan chetda qolgani yo‘q hamda qizga o‘z yordamini taklif etgan. Rakelning aytishicha, u bunday imkoniyatdan unumli foydalanib qoladi va Barselonaning Real bilan o‘yiniga chiptalarni so‘raydi.