11:13 / 23.03.2016
2457

Afina shahrida Navruz ayyomi nishonlandi

Afina shahridagi Harbiy yutuqlar muzeyida O‘zbekistonning Gretsiyadagi Bosh konsulligi tomonidan O‘zbekiston-Gretsiya madaniy va ishbilarmon hamkorlik markazi bilan hamkorlikda Navro‘z bayramini nishonlash doirasida ilmiy konferensiya va fotoko‘rgazma tashkil etildi.

Tadbirda Gretsiya siyosiy doiralari, jamoatchilik, diniy soha vakillari, ishbilarmonlar, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdilar. Mehmonlarning umumiy soni 500 kishini tashkil etdi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan ilmiy konferensiya Navro‘z bayrami, o‘zbek xalqining urf-odat va an'analari, tarixi va madaniyatiga bag‘ishlandi. Asosiy ma'ruzachilar Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi ekspert, sobiq grek diplomati, yozuvchi Marianna Yatropolu Teoxaridu, Parij universitetining tarix bo‘yicha professori Potitsa Grigoraku, shuningdek, Bosh konsullik vakillari bo‘ldilar.

M.Yatropolu Teoxaridu o‘z chiqishida Navro‘zning kelib chiqishi tarixi va uning o‘zbek xalqi uchun ahamiyati haqida to‘xtaldi. Xususan, ekspert ushbu bahor bayrami O‘zbekistonda qanday nishonlanishi, xalq sayillari, bahoriy taomlardan sumalak va halim haqida batafsil so‘zlab berdi.

Bunda, ayniqsa, Navro‘z arafasida butun mamlakat miqyosida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkazilishi alohida ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek, u yig‘ilganlar e'tiborini xalqning noyob an'anasi - hasharga jalb etdi. Mutaxassis ma'lum qilganidek, hashar O‘zbekiston xududida ko‘p asrlardan beri mavjud an'ana hisoblanib, aynan o‘zbek xalqi madaniyatining bir qismiga aylangan. Bu yurtda odamlar doimo birga bo‘lishga, hamjihatlikda yashab, imkon qadar bir-biriga yordam berishga harakat qilganlar.

O‘zining ma'ruzasida M.Yatropolu Teoxaridu tariximiz bilan bog‘liq ko‘pgina jihatlarni tilga oldi. Taqdimot davomida u yurtimiz o‘tmishiga sayohat qilib, barcha ishtirokchilarni Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk ajdodlarimiz, ularning jahon davlatchiligi, madaniyati va ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan tanishtirdi.

Gretsiya vakili O‘zbekiston hukumati tomonidan yosh avlodning to‘laqonli rivojlanishini ta'minlash, ona va bola salomatligini, oilaviy an'ana va qadriyatlarni saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning hech bir mamlakatida oila, ayollar, bolalar hamda katta avlodga shunchalik katta e'tibor qaratilmaydi. Ekspertning taqdimotida O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi oilaning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish, fuqarolar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha keng ko‘lamli sa'y-harakatlarni aks ettirishi ta'kidlandi.

Parij universiteti tarix professori P.Grigorakuning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk ipak yo‘lida, Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekiston insoniyat tarixida sezilarli iz qoldirdi. Gretsiyalik ekspert O‘zbekistonda hukmron bo‘lgan hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitiga yuqori baho berdi. Uning ta'kidlashicha, hozirda O‘zbekiston mintaqa va umuman dunyodagi eng barqaror davlatlardan biri. Respublika va uning xalqi o‘zining mehmondo‘stligi, boshqa millatlarga nisbatan hurmati bilan dong taratgan. Olima ta'kidlaganidek, o‘z vaqtida bu quyoshli zamin ko‘p minglab greklarga boshpana berib, ish bilan ta'minlagan. Ko‘pgina greklar O‘zbekistonda ta'lim olib, ushbu yurt tarqqiyotiga hissa qo‘shganlar. P.Grigoraku O‘zbekiston ko‘plar uchun turli millat vakillarining birdamligi borasida namuna bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

Ushbu mavzuni davom ettirar ekan, O‘zbekiston-Gretsiya madaniy va ishbilarmon hamkorlik markazi rahbari Ksenofont Lambrakis greklarga O‘zbekiston poytaxti Toshkent haqida eslatishning o‘zi kifoya, ular darrov bu mamlakat haqida havas bilan gapirishni boshlaydilar va bu yurt bilan ularni ko‘p narsa bog‘lab turganini aytadilar, deya ta'kidladi. Toshkentda 1949 yildan beri 50 ming grek emigrantlari yashagan. O‘zbek xalqi ularni mehmondo‘stlik bilan qabul qilgan, deya aytib o‘tdi Lambrakis.

Shuningdek, K.Lambrakis ta'kidlaganidek, O‘zbekiston qadimdan o‘zining me'moriy obidalari bilan dong taratgan bo‘lib, ular chindan ham jahon merosining durdonalari hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqanddagi Registon va Shoxizinda me'moriy majmualari, ochiq osmon ostidagi muzey hisoblangan Xiva shahri va boshqa qadimiy obidalar O‘zbekistonga keladigan sayyohlarda katta taassurot uyg‘otadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning aksariyat sayyohlari uchun katta qiziqish tug‘dirayotgan yo‘nalish bo‘lib, bu mamlakatga sayohat eng nozik didli va talabchan sayyohlarga ham yoqishi tayin.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining Gretsiyadagi bosh konsulligi vakillari yig‘ilganlarni respublikamizda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi keng ko‘lamli islohotlardan boxabar etdilar. Shuningdek, mehmonlar iqtisodiyot sohasidagi yutuqlar bilan ham tanishtirildi. Ta'kidlanganidek, respublikada 90 dan ortiq davlatning chet el kapitali ishtirokida tuzilgan 4 mingdan ortiq korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Navoiy, Angren va Jizzax maxsus iqtisodiy hududlari tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasining turistik salohiyati taqdimoti mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Anjuman ishtirokchilariga ma'lum qilinganidek, O‘zbekiston qadim o‘tmishi, boy tarixiy-madaniy merosi, ulug‘vor me'moriy yodgorliklari bilan mashhur. Ma'ruzachilar ta'kidlaganidek, O‘zbekiston hududida butun dunyoga mashhur tarixiy-madaniy obektlar joylashgan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi o‘rta asrlarda islom madaniyati va ilm-fani markazlari sifatida tanilgan shaharlar YuNeSKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston turistik sohasi rivojining asosiy omillaridan biri shundan iboratki, uning noyob joylashuvi va betakror tabiati sayyohlarga dam olish va sayyohlik borasida katta imkoniyatlar taqdim etadi. O‘tgan yili BMTning Jahon turistik tashkiloti Ijroiya qo‘mitasining 99-sessiyasining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning turistik sohadagi katta imkoniyatlari e'tirofi bo‘ldi. Ta'kidlandiki, mustaqillik yillarida respublikamizda sayyohlik sohasini rivojlantirishga qaratilgan qator choralar amalga oshirildi, xususan, infratuzilma, mehmonxona xo‘jaligini shakllantirish, transport va boshqa yo‘nalishlarda ko‘p ishlar qilindi.

Tadbir ishtirokchilarida O‘zbekistondagi Navro‘z bayrami, o‘zbek xalqining an'ana va urf-odatlari, boy madaniyati haqidagi ma'lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi. Navro‘z ayyomini nishonlash doirasida O‘zbekiston turistik brendini ommalashtirish maqsadida “O‘zbekiston grek sayyohlari nigohida” deb nomlangan fotoko‘rgazma tashkil qilindi. Unda 2015 yili respublikamizda sayyoh sifatida safarda bo‘lgan er-xotin Yannis va Yeva Levatinu tomonidan olingan 200 dan ortiq fotosurat taqdim etildi. Fotosuratlar asosan O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlari, ularning qadimgi me'moriy va madaniy obidalari, shuningdek, milliy hunarmandchilikka bag‘ishlangan.

Fotoasarlar mualliflari o‘zining O‘zbekistonga sayohati mobaynida bu yurtning boy tarixiy merosi, betakror tabiati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganini ta'kidlashdi. Ular, shuningdek, O‘zbekistondagi xotirjamlik va barqarorlik muhitini, yuqori darajada xizmat ko‘rsatish, qulay sharoitlar va rivojlangan transport infratuzilmasini e'tirof etishdi.

Ko‘rgazma tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar ko‘rgan va eshitganlaridan hayratga kelganliklarini bildirdilar va O‘zbekistonga borish, uning boy merosi bilan tanishish, go‘zal tabiatidan bahramand bo‘lib, ularga taqdim etilgan manzarani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish istagini bildirdilar.

Top