08:46 / 23.03.2016
1523

Belgiya termasi a'zosi: «Belgiya shok holatida, mamlakatda xaos yuzaga kelgan»

22 mart teraktlari yuz bergan kunda terma jamoa yig‘inida ishtirok etish uchun vataniga borgan «Zenit» jamoasining belgiyalik himoyachisi Nikolas Lomberts Bryusselda teraktdan keyingi ahvol haqida so‘zlab berdi.

«Bu ulkan musibat. Belgiya hozirda shok holatida, barchasi vayron bo‘lgandek. Hukumat fuqarolardan uydan chiqmaslikni so‘ramoqda. Hozir mamlakatda xaos yuzaga kelgan.

Men kecha, teraktlardan oldingi kunda aeroportda bo‘lgandim. Hamma joyda politsiyachilar va harbiylar edi. Taksi kutib turganimizda, rafiqam mendan so‘radi: «Atrofingni shuncha harbiy o‘rab turgan bo‘lsa, o‘zingni bexavotir sezishing mumkinmi?».

«Ha, xavfsizlik ancha yaxshi ta'minlangan, agar seni kimdir otmoqchi bo‘lsa, uni shu zahoti bartaraf etishadi». Lekin bugun ko‘rdikki, ba'zida ularning xurujini bartaraf etishning iloji bo‘lmas ekan», — deydi Lomberts.

Eslatib o‘tamiz, Bryusseldagi teraktlardan keyin Belgiya terma jamoasining 22 mart kungi mashg‘ulotlari bekor qilindi.

Piterliklar jamoasining yana bir futbolchisi Aksel Vitsel ham terma jamoa yig‘inida ishtirok etish uchun Bryusselga borgandi. FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchilar terma jamoa bazasini faqatgina jarohat tufayli yoki terma jamoa uchun o‘ynashdan bosh tortsagina tark etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 22 mart, seshanba kuni Bryussel aeroporti va metrosida sodir bo‘lgan bir necha portlash natijasida so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra 34 kishi halok bo‘ldi, yana 200 dan ziyod kishi jarohatlandi.

Top