21:24 / 23.03.2016
1657

Britaniyaliklar internet yordamida yangi kema uchun nom tanlashmoqda

Atrof-muhitni o‘rganish bo‘yicha Britaniya milliy kengashi (NERC) yaqin orada 200 mln funt sterling turadigan qirollik ilmiy-tadqiqot kemasini oladi. Kengash bu kemaga internet yordamida nom tanlashga qaror qildi. Kemaga nom berish bo‘yicha ovoz berishda istalgan odam o‘z variantini taklif qilishi mumkin bo‘ldi.

Jyeyms Xend ismli boshlovchi kemani RRS Boaty McBoatface deb nomlashni taklif qildi va ovoz berish boshlangandan bir necha kun o‘tib bu nom ovoz berish jarayonida 1-o‘ringa chiqib oldi (RRS – qirollik tadqiqot kemasini, Boaty McBoatface – hazilomuz ism va familiya bo‘lib, "Qayiq yuzli qayiq" degan ma'noni beradi).

Bu nom uchun bir hafta ichida 55 mingtadan ko‘p ovoz berildi. Kemaga qutb tadqiqotchisi Genri Uorsli yoki tabiat haqidagi filmlar boshlovchisi Devid Attenboro nomini berish taklifi uchun RRS Boaty McBoatface nomidan ko‘ra 10 barobar kamroq ovoz berilgan.

Shuningdek, kemaga berilishi taklif qilingan hazilomuz nomlar orasida quyidagichalari ham bo‘ldi:

— RRS It's Bloody Cold Here ("RRS Bu yerda juda sovuq");
— RRS Usain Boat ("RRS Useyn qayiq", yengil atletikachi Useyn Bolt nomidan olingan);
— RRS Boatimus Prime ("RRS Boatimus Praym", "Transformerlar" filmidagi Optimus Praym nomiga);
— RRS What Iceberg? ("RRS Qanaqa yana aysberg?");
— RRS NotTheTitanic ("RRS Titanik emas");
— RRS Mostly Harmless ("RRS Asosan ziyonsiz ");
— RRS It Ain't Half Cold Mum ("RRS Oyi, bu yerda umuman sovuq emas ").

Hazilomuz nomlar shunday shov-shuv keltirib chiqardiki, 20 martda ovoz berish sayti ishlashi tezligi tushib ketdi, Jyeyms Xend esa o‘zi bildirgan taklif uchun NERC’dan uzr so‘radi. Biroq kengash raisi Juliya Meddok uni "Uzr so‘rashning hojati yo‘q, Jyeyms, bizga bu nom yoqdi", deb tinchlantirdi.

Ovoz berish 16 aprelda yakunlanadi, biroq NERC’ning ta'kidlashicha, kemaga beriladigan nom borasidagi yakuniy qarorni ekspertlar qabul qiladi, ular esa internet foydalanuvchilar tanlagan nomga rozi bo‘lmasliklari ham mumkin.

Uzunligi 128 metr keladigan, 15 ming tonna sig‘imga ega yangi kema 2019 yilda suvga tushiriladi.

Top