20:02 / 23.03.2016
3048

O‘zMUda germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ilmiy laboratoriyalar tashkil etilmoqda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, Milliy universitetda tashkil etilayotgan navbatdagi ilmiy laboratoriya “Hujayra texnologiyalari, protomika, metabolomika va o‘simliklar funksional genomikasi” deb nomlanadi. Yaqinda ana shu yangi ilmiy laboratoriyani tashkil etishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Janpolat Kudaybergenov, Yuqori texnologiyalar markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent arxitektura va qurilish instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, O‘zMU kimyo, biologiya-tuproqshunoslik fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda Germaniya Federativ Respublikasining ilmiy laboratoriyalarni jihozlash bo‘yicha yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov davra suhbatini kirish so‘zi bilan ochar ekan, mamlakatimizda yoshlarni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi, ilmiy tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish, bu borada rivojlangan davlatlar yetakchi ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, laboratoriya jihozlari ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish muhim o‘rin tutishini alohida ta'kidladi.

DiChTe GmbH (Germaniya) kompaniyasi direktori Aleksey Larionchev, DiChTe GmbH (Germaniya) kompaniyasining MDH davlatlari bo‘yicha vakili Yevgeniy Kukishev, “Umumrossiya qishloq xo‘jalik biotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti” direktori o‘rinbosari Yevgeniy Mazurin, CGM(Germaniya) kompaniyasi vakolatxonasi direktori Yevgeniy Sidorenkolar “Hujayra texnologiyalari, protomika, metabolomika va o‘simliklar funksional genomikasi” ilmiy laboratoriyasini tashkil qilish va uni zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha o‘tkazgan taqdimotlari davra suhbati ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Aytish joizki, rivojlangan davlatlar oliy ta'lim muassasalari bilan shu tariqa xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish Milliy universitetimizning dunyodagi eng nufuzli oliy ta'lim muassasalari orasida munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.

Davra suhbati doirasida mazkur laboratoriyani tashkil qilish, jihozlash, unda ilmiy tadqiqotlar olib borish, o‘quv jarayonida foydalanish bo‘yicha fikr va mulohazalar ham bildirildi.

Top