O‘zbekistonda Amerika kompaniyalari ish boshlashi kutilmoqda
O‘zbekistonda biznes yuritishga ko‘proq diqqat qaratish niyatida Toshkentga Amerika kompaniyalari delegatsiyasi keldi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan 22 martdan 24 martgacha ishbilarmon guruhlar va O‘zbekiston hukumati vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.
Davra suhbati O‘zbekiston Republikasi hukumati tomonidan AQSh elchixonasi, AQSh savdo vazirligi, Amerikaning O‘zbekistondagi savdo palatasi hamda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida asosiy e'tibor sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi texnologiyalariga qaratilgan bo‘lsa ham, boshqa turli masalalar va O‘zbekistonda biznes imkoniyatlari xususida ham muhokama olib boriladi.
13 ta AQSh kompaniyasining 30 nafar vakili ushbu davra suhbatida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi. Ularning safiga O‘zbekistonga aloqador tashkilot vakillari ham qo‘shiladi.