19:59 / 24.03.2016
1608

Qirg‘izistonda hukumatni ag‘darishga uringan muxolifat yetakchilari qo‘lga olindi

Qirg‘iziston muxolifati rahbarlari Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati tomonidan davlat to‘ntarilishini amalga oshirishga uringani uchun tergov qilinmoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar bergan.

Qayd etilishicha, YouTube portalida uzun sochli kishilarning odamlarni hukumatni ag‘darish uchun ko‘chaga chiqishga da'vat etish haqida gaplashishgani videosi paydo bo‘lgan. Bu kishilar ovozlariga ko‘ra, Qirg‘iziston muxolifati yetakchisi Quvonchbek Qodirov, Jalolobod viloyatining sobiq hokimi Bektur Asanov va yana bir muxolif Davlatbek Turdunaliyev deya taxmin qilingan. Ular "Oq uy"ni egallash haqida gaplashishgani aytilgan.

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tekshiruvlardan keyin audioyozuvlarning haqiqiyligini tasdiqlagan. Muxolifat vakillari esa bu yozuvlar soxtaligi va o‘zlariga tuhmat uyushtirilayotganini iddao qilishgan.

"2016 yilning 24 mart kuni MXDQda (Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi) fuqarolar K.K va B.Aga nisbatan avvalroq ochilgan №082-16-0054 raqamli jinoiy ish doirasida tegishlicha tergov ishlari olib borildi. Ular mamlakatdagi ijtimoiy va siyosiy barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan rejalar tuzib, qonuniy hukumatni ag‘darish masalasida muhokama o‘tkazganlikda gumon qilinishmoqda", deyiladi milliy xavfsizlik xizmati xabarida.

Tergov respublika bosh prokurori va sud ruxsati bilan olib borilmoqda.

Bundan oldinroq, mamlakat bosh vaziri hukumat qarorlarini tanqid qilishni taqiqlagani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Qirg‘izistonda "lola inqilobi"ga 11 yil to‘ldi. 2005 yilning 24 martida Askar Akayev davlat to‘ntarilishi orqali hokimiyatdan chetlatilgandi. 2010 yilning 7 aprelida esa ikkinchi davlat to‘ntarilishi bo‘lib o‘tdi.

Top