Iqtisodiyot | 00:17 / 25.03.2016
2439
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov Ilon Mask ishtirokidagi loyihaga sarmoya kiritdi

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov va uning hamkorlarining investitsion fondi haydovchisiz avtomobillarga optik datchiklar (lidarlar) ishlab chiqaruvchi amerika kompaniyasiga sarmoya kiritdi. Bu haqda Usmonov "Rossiya 24" telekanaliga ma'lum qildi.

"Bu juda istiqbolli soha, biz u yerda yirik aksioner hisoblanamiz. Fikrimcha, bu investitsiyalarimiz uchun salmoqli natija beradigan ilg‘or texnologiya bo‘ladi", deb aytdi Usmonov.

Milliarderning ta'kidlashicha, gap sarmoyachilari orasida avtomobilsozlik va robototexnika sohasidagi yirik kompaniyalar bo‘lgan, Silikon vodiysidagi kompaniyalardan biri haqida ketmoqda. Loyihada amerikalik milliarder Ilon Mask ham "bilvosita" ishtirok etmoqda. Usmonov kompaniya nomi, qancha sarmoya kiritgani va kompaniyaning qanday ulushini sotib olgani haqida hech narsa aytmadi va bitim yaqin orada e'lon qilinishini aytdi.

Tesla Motors kompaniyasi rahbari Ilon Mask lidarlar koinot apparatlarini tutashtirish uchun zarurligini, biroq avtomobillar uchun kerak emasligini aytgan. Mart boshidagi matbuot-anjumanda Mask uning kompaniyasi lidarlar o‘rniga avtomobilga atrofdagi barcha narsani ko‘rsatuvchi 8 ta kameradan iborat tizimdan foydalanishni rejalashtirayotganini aytgandi.