14:27 / 25.03.2016
1924

AQShda neft qazib oluvchi burg‘ular soni 2009 yil noyabridan buyon eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi

Joriy haftada Amerika qo‘shma shtatlaridagi neft burg‘ulari soni 2009 yilning noyabr oyidan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Bunga AQSh neft zaxiralarining ko‘payishi va qora oltin savdolarining pasayishi sabab bo‘lmoqda. Mamlakatdagi neft burg‘ulari soni 15taga kamayib, hozirda 372tani tashkil etmoqda. Bu haqda Financial Times nashri Baker Hughes ma'lumotlariga tayangan holda ma'lum qilgan.

Gazetaning qayd etishicha, bu raqam 2009 yil noyabridan boshlab eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

AQShda eng ko‘p burg‘ular qayd etilgan 2014 yil oktabr oyi bilan taqqoslaganda, bugungi kunda neft qazib oluvchi uskunalar qariyb 70 foizga kamaygan. O‘shanda, mamlakatda 1609ta burg‘u mavjud edi.

"Shu bilan birga, gaz qazish burg‘ulari ham o‘tgan haftada 3taga kamayib, 92tani tashkil etdi. Gaz qazib olishning qisqarishiga ham qora oltin kotirovkalarining tushishi va AQSh tabiiy gaz zaxiralarining ortishi sabab bo‘lmoqda", deb yozadi The Wall Street Journal.

Shunga qaramasdan, nashrning ta'kidlashicha, bu kabi choralar bozordagi ortiqcha taklifni kamaytirish uchun kifoya qilmaydi.

Biroq, burg‘ular sonining qisqargani xususidagi xabarlardan keyin, Brent markali neft narxi kun davomidagi pasayishdan so‘ng, birmuncha o‘sishni qayd etgan. London birjasidagi savdolar boshida uning 1 barreli 39,26 dollar turgan bo‘lsa, kun oxiriga kelib 40,45 dollarni tashkil etgan.

Top