Jahon | 10:29 / 25.03.2016
1203
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Singapur hukumati mamlakatdagi barcha tamaddixonalarga kuzatuv kameralarini o‘rnatadi

Singapur hukumati yaqin vaqt ichida Yevropada uyushtirilgan terroristik xurujlar tufayli mamlakatda faoliyat yurituvchi qahvaxona, choyxona va boshqa shu kabi kichik tamaddixonalarni kuzatuv kameralari bilan jihozlash borasida ko‘rsatma berishni rejalashtirgan. Hukumatning bu tashabbusi haqida Straits Times nashri xabar qildi.

Bundan tashqari, qahvaxonalar o‘z xodimlarini politsiya va o‘t o‘chirish xizmatiga maxsus o‘quv kurslariga yuborishlari lozim bo‘ladi. Ular favqulodda holatlarda qanday harakat qilish borasida ilk ko‘nikmalarni o‘rganishadi.

Restoran va barlar uyushmasi rahbari Tomas Foning ma'lum qilishicha, ayni paytgacha uyushmaga a'zo 700dan ortiq tamaddixonalardan 400ga yaqini kuzatuv kameralarini allaqachon o‘rnatishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday texnikalarni o‘rnatish o‘rtacha 3 ming dollarga tushadi, biroq hukumat xarajatlarning 60 foizini qoplashga tayyor.

Bu shahar-davlatdagi kichik qahvaxona kabi tamaddixonalar xizmatidan mahalliy aholi keng foydalanadi. Ertalab va tushlik paytida shunday inshootlarga o‘nlab mijozlar to‘planadi.

Bundan tashqari, Bryusseldagi teraktlardan so‘ng, Singapur ma'muriyati Changi aeroporti hamda quruqlikdagi chegaralari va dengiz portlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

"Mamlakatning barcha yirik transport nuqtalarida qo‘shimcha xafvsizlik choralari ko‘rildi", - deydi IIV vakili.

Xususan, harbiylar va politsiya xodimlarining qo‘shma guruhlari ko‘paytirilgan. Ayrim yo‘lovchilarning yuklari esa jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Bundan avvalroq, ichki ishlar va adliya vaziri K. Shanmugam Singapur "ekstremistlarning nishoniga aylangani"ni ta'kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, janubi-sharqiy Osiyoda "turli xil tahdidlar kuzatilmoqda. Bular orasida, u yoki bu hukumatdan norozilik kayfiyati barobarida diniy ekstremizm ham bor. Shunga qaramay, "Singapur barqarorlik va farovonlik manbai" bo‘lib qolmoqda.

Uning aytishicha, "IShID ekstremistik guruhining faollashgani mintaqada terrorizm xavfi o‘ta jiddiy tahdidga aylangan".

"O‘tgan yili biz "Al-Qoida" bilan taqqoslaganda umuman yangi, jiddiy va xavfli terroristik xurujlarning guvohi bo‘ldik. Masalan, IShID saflariga 30 ming atrofida xorijlik jangari jalb etilgan bo‘lsa, shulardan 1000 nafarga yaqini janubi-sharqiy Osiyodan borganlardir”, deb ta'kidlaydi Singapur ichki ishlar vaziri.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish