22:20 / 25.03.2016
1583

Rossiya Davlat dumasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi moliyaviy e'tirozlarga barham berishni ma'qulladi

Rossiya Davlat dumasi 25 martda Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida o‘zaro moliyaviy talablar va majburiyatlarni hal qilish bo‘yicha kelishuvni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni qabul qildi, deb xabar berildi Davlat dumasi saytida. Bu haqda gazeta.uz xabar bermoqda.

Kelishuv Toshkentda 2014 yil 10 dekabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rasmiy tashrifi vaqtida imzolangan. U ikki davlat tomonidan Sobiq ittifoq operatsiyalari, shu jumladan, Sobiq ittifoqning Olmos fondini taqsimlash va Sobiq ittifoqning Tashqi iqtisodiy banki (Vneshekonombank) hisob raqamlaridagi valyuta mablag‘larini qaytarish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan Rossiyaga bildirilgan hamda O‘zbekistonga Rossiya tomonidan 1992-1993 yillarda taqdim qilingan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan barcha e'tirozlardan voz kechishni ko‘zda tutadi.

Qonunga tushuntirish xatida ta'kidlanishicha, Rossiya 2014 yil 1 noyabriga ko‘ra to‘lanishi muddatidan o‘tkazib yuborilgan O‘zbekistonning 889,3 mln dollar (500,6 mln dollar asosiy qarz va 388,7 mln dollar u bo‘yicha foiz) miqdoridagi qarzini kechib yuboradi. O‘zbekiston bu qarzdan faqatgina 25 mln dollarini to‘lab beradi.

Kelishuvning kuchga kirishi Rossiya byudjyet qonunchiligida qayd qilingan O‘zbekiston bilan kredit-moliya hamkorligiga taqiqlovni bekor qiladi.

"Imzolangan kelishuv Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi harbiy, iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar beradi", deb aytdi Rossiya moliya vaziri o‘rinbosari Sergey Storchak.

Top