Samvel Babayan: "Qizil kartochka Filippin foydasiga xizmat qildi"
Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichi doirasidagi O‘zbekiston – Filippin (1:0) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani o‘tkazildi. Uning ikkinchi qismida savollarga O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan javob berdi.
"Qiyin o‘yin bo‘ldi. Kecha raqib yaxshi tashkil etilgan jamoa ekani aytgandim. Murabbiyning ham qo‘li ko‘rinib turibdi. Bugun 5-6ta o‘yinga yetadigan xavfli vaziyat yarata oldik. Ko‘pchilik mutaxassislar Filippin terma jamoasini Malayziyaga tenglashtirishgandi. Bundan hayron qolgandim. Raqib posboni Angliyada o‘ynaydi, u "Chelsi" maktabini tugatgan. Qizil kartochka Filippinga qo‘l keldi, ular butun jamoa bilan himoyada o‘ynadi. Bugun g‘alaba qozondik va guruh peshqadami bo‘lib oldik. Bu — eng muhimi.
Kecha ko‘pchilik yirik hisobda yutasizlarmi yoki chiroyli o‘yin ko‘rsatasizmi degandi. Men asosiysi g‘alaba qozonish, deb aytgan edim. Bunga erishdik. Filippinga past nazar bilan qarash kerak emas. Raqib safida deyarli mahalliy futbolchilar yo‘q, barchasi Yevropada tahsil olgan. Raqib darvozaboni Angliya uchinchi divizionida o‘ynaydi. Agar bugungi o‘yinni tomosha qilishgan bo‘lishsa, Premer liga klublari uni o‘z saflariga qo‘shib olish haqida o‘ylab ko‘rishlari mumkin. U uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi edi”, — deydi Samvel Babayan.