11:55 / 26.03.2016
1418

Yevropa sudi rasmiy Kiyev Yanukovichga tovon to‘lashi kerakligi xususida 2015 yilning martidayoq qaror chiqargani ma'lum bo‘ldi

Umumiy maqomdagi Yevropa sudi, Ukraina hukumati mamlakatning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘illariga, YeI sanksiyalari noqonuniyligi borasidagi ish bo‘yicha tovon to‘lashi kerak, degan fikrda. Bu haqda, Lyuksemburgda joylashgan sud matbuot xizmatiga tayangan holda TASS agentligi xabar qilmoqda.

"Oxirgi bir yil mobaynida "Viktor Yanukovich YeI Kengashiga qarshi" deb nomlangan ish bo‘yicha da'vogarga mahkama jarayonining boshqa ishtirokchilari tomonidan tovon to‘lashga oid hech qanday yangi qaror qabul qilingani yo‘q", — deyiladi Sudning matbuot bayonnomasida.

"Ushbu ish bo‘yicha yakuniy qaror Sud prezidenti tomonidan 2015 yil 11 martda qabul qilingan. Unda Ukrainani sud ishidagi uchinchi tomon sifatida qayd etish bo‘yicha bergan arizasi rad etilgan. Shunga ko‘ra, Ukraina hukumati, ushbu ish bilan bog‘liq o‘z xarajatlarini va da'vogarning xarajatlarini ham qoplashi kerak. Aslida Ukrainaning, Yanukovich va uning oilasiga nisbatan YeI kiritgan sanksiyalarni bekor qilishga doir asosiy sud ishiga hech qanday aloqasi yo‘q, deb izoh bergan matbuot xizmati.

Endilikda, rasmiy Kiyev sobiq prezidentning Ukraina hukumati ushbu ishga qo‘shilishi va undan chiqishi tufayli qilgan barcha xarajatlarini qoplab beradi. 25 mart juma kuni Ukraina sobiq adliya vaziri Yelena Lukash Facebook’dagi sahifasida yozishicha, sud qaroriga binoan Ukraina Yanukovich oilasiga 240 ming dollar to‘lashi kerak.

Yanukovich o‘ziga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni talab etib 2014 yili Yevropa sudiga murojaat qilgan edi. Uning ta'kidlashicha, "YeIning u va oilasiga nisbatan sanksiyalari Ukraina hukumatining asossiz ayblovlariga tayangan holda joriy etilgan".

Top