Fan-texnika | 18:18 / 26.03.2016
3384
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkdagi xalqaro avtoko‘rgazmaning 5ta eng yorqin namunasi

Avtoolamdagi yangi ixtirolar Detroytdagi avtosalonda, eng zamonaviylari Jyenevada, yuqori texnologiyali mashinalar Los- Anjyelesdagi ko‘rgazmada namoyish etiladi. Biroq, Manxettendagi bu yilgi ko‘rgazma ham qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. 25 mart kuni Javits Centerda ochiladigan avtosalon yangiliklarga boy bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Blumberg agentligi ushbu voqeaga doir o‘zida mavjud ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Quyida Nyu-york avtosalonida namoyish etilishi kutilayotgan 5ta yangilik bilan tanishing.

1. Acura MDX (2017)
Yaponiyaning Acura kompaniyasi ishlab chiqaruvchi yo‘ltanlamaslarga Amerikada qiziqish katta bo‘lsada, o‘tgan yili bu model savdosi 11%ga pasaygan. Ammo MDX savdolar bo‘yicha BMW X5dan ko‘proq sotilgan.

2. Nissan GT-R (2017)

Nissan GT-R ning avtomobil bozoridagi o‘rnini baholash ancha mushkul. U Godzilla nomi bilan yapon drifterlaridan tortib Dubay shayxlarigacha butun dunyoda mashhur. Shunga qaramay, so‘nggi vaqtlarda GT-R ham bozorda o‘z o‘rnini bo‘shatib qo‘ymoqda.

3. Lincoln Navigator (2017)

Ulkan jip har doim kishining diqqatini tortishi aniq. Garchi Amerika avtosanoati qimmatbaho sedan va kupelar ishlab chiqarish bo‘yicha boshqa yetakchilardan ortda bo‘lsada, jiplar ishlab chiqarishda Detroytga yetadigani yo‘q. Muammo shundaki, o‘tgan yili sotilgan har bir Lincoln Navigator hissasiga 3ta General Motors ishlab chiqqan Cadillac Escalade to‘g‘ri keladi.

4. Toyota Highlander (2017)

Albatta, Toyota Lincolnning tantanasini yo‘qqa chiqarishga harakat qilib ko‘radi. Dastlab, Highlander hashamatli hisoblanmasdi, ammo yillar o‘tishi bilan modelda yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Endilikda unda bir nechta ekran, Wi-Fi portlarni ko‘rish mumkin. TrueCar tahlilchisi Erik Laymanning bashorat qilishicha, yangi Highlander Prius va Lexusning ayrim jihatlarini o‘zida mujassam etadi. Tasavvur qiling: siz 7 kishilik «sportkar» egasisiz!

5. Subaru Impreza (2017)

Bugungi kunda Subaru’ning asosiy "boshog‘rig‘i" shundaki, kompaniya talabga javob bera olmayapti. Albatta, mijozlar ancha dabdabali, xavfsiz va keng bo‘lgan Forester hamda Outback’ni xarid qilishga oshiqadilar. Ixchamgina Impreza xetchbeki esa Subaru uchun unchalik ham muhim emas. Ammo, shu haftada bizga namoyish etiladigan model kompaniyaning yagona yangi platformasi negizida ishlab chiqariladi.

Garchi, Nyu-York avtosalonida ushbu avtomobillar namoyishiga barcha intiq bo‘lsada, unutmang, kutilmagan hodisalar har doim ro‘y berishi mumkin.